O‘zbekiston Markaziy banki Boshqaruvining joriy yil 27-avgustdagi tegishli qarori bilan Qozog‘istonning Yevroosiyo Banki’dan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olindi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bunga bank tomonidan ustav kapitali miqdori qonunchilikda belgilangan eng kam talablarga muvofiqlashtirilmaganligi hamda banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi boshqa talablar bajarilmaganligi sabab bo‘lgan.
“O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida"gi, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida"gi qonunlar va boshqa qonunchilik hujjatlariga asosan, bankni majburiy tugatish hamda tugatish komissiyasini tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
2023-yilning aprel oyida prezident banklar ustav kapitalining eng kam miqdorini bosqichma-bosqich oshirish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. O‘sha yilning sentabridan bu 200 mlrd so‘mni, 2025-yildan esa 500 mlrd so‘mni tashkil etishi kerak.
KTYDR ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yil 11-yanvarda ro‘yxatdan o‘tgan Yevroosiyo banki’ning ustav fondi 200 mlrd so‘mni tashkil etadi. Joriy yilning 1-avgust holatiga, bank kapitali — 104 mlrd so‘m.
2022-yilning dekabrida Qozog‘iston banki O‘zbekistonda sho‘ba korxonasini ochishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘lgandi. 2023-yilning mayida Markaziy bankning sobiq raisi Mamarizo Nurmuratov Yevroosiyo banki O‘zbekistonda o‘z ofisini ochish uchun dastlabki ruxsatni olganini ma’lum qildi.
Shuningdek, 2024-yilning 12-yanvarida Markaziy bank tomonidan Qozog‘iston kredit tashkilotiga bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya berildi.
Joriy yilning iyun oyida Tojikiston Oriyonbankining O‘zbekistondagi ofisi o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Markaziy banki boshqaruvi qarori bilan vakolatxonaning akkreditatsiya guvohnomasi bekor qilindi.
Iyul oyida O‘zbekistonda CitiBank AS vakolatxonasi akkreditatsiya qilindi. Bu mamlakat moliya bozorini chuqur o‘rganish hamda davlat organlari va moliyaviy tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Markaziy bank reyestriga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy bank vakolatxonalari soni 8 tani tashkil etadi. Ulardan ikkitasi Janubiy Koreya (Korea Eximbank va Shinhan Bank), yana ikkitasi Germaniya banklariga (Landensbank Baden-Wurttemberg va Commerzbank AG) tegishli. AQSh (JP Morgan Chase), Rossiya (Gazprombank) va Xitoy (Eksimbank) banklarida yana bittadan ofis mavjud.
Avvalroq Spot O‘zbekistondagi banklarda kartadan kartaga pul o‘tkazmalari va to‘lov xizmatlari uchun komissiyalar haqida yozgan edi. Mobil ilovada kartadan kartaga pul o‘tkazish imkoniyati mamlakatdagi 10 ta to‘lov xizmati va 27 ta bank foydalanuvchilari uchun mavjud.