Kredit byurolarining axborot tizimlarida axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni taʼminlashga doir minimal talablar belgilandi. Bu haqdagi tegishli nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Hujjatga ko‘ra, kredit byurolarida axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni taʼminlash maqsadida axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni taʼminlash xizmati tashkil etiladi.

Shuningdek, kredit byurolari axborot xavfsizligiga oid ichki siyosatni ishlab chiqishi va Markaziy bank bilan kelishishi lozim.

Byurolar faoliyatida axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikning taʼminlanganlik darajasini baholash bo‘yicha reyting axborot tizimi regulyator tomonidan yuritiladi.

Bundan tashqari, kredit byurolari axborot tizimlaridan maʼlumotlarning ruxsatsiz uzatilishi va tarqalishidan himoyalash bo‘yicha DLP (Data Loss Prevention) tizimi joriy etilishi shart.

Aprel oyi oxirida qabul qilingan prezident qarori bilan axborot texnologiyalari orqali sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish kuchaytirilishi belgilangan. Banklar, to‘lov tizimi operatorlari hamda to‘lov tashkilotlarining axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganligi natijasida sodir etilgan kiberjinoyat oqibatida kelib chiqqan moddiy zarar ular hisobidan undiriladi.

Banklar va to‘lov tashkilotlari tomonidan o‘z mobil ilovalariga antivirus himoya tizimlarini o‘rnatish vazifasi qo‘yildi. Ular foydalanuvchilarni qurilmalaridagi zararli dasturlar belgilari mavjudligi aniqlansa, ogohlantirish amaliyoti joriy etiladi.

Avgust oyida banklarda axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni taʼminlash xizmati tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.

Avvalroq Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi norasmiy daromadga ega bo‘lgan mijozlarga berilgan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishni yo‘lga qo‘ygani haqida xabar berilgandi.