Soliq hisobotini o‘z vaqtida taqdim etmagan tadbirkorlar jarimalardan ozod etildi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, 22-sentabr holatiga 53 478 ta subyekt soliq hisobotini o‘z vaqtida taqdim etmagan. Ularga huquqbuzarlik birinchi marta sodir etilgani va kamchiliklar 30 kun ichida to‘liq bartaraf etilgani bois jarimalar qo‘llanilmadi. Tadbirkorlarga faqat ogohlantirish berildi.

Qayd etilishicha, ularga nisbatan qo‘llanilishi lozim bo‘lgan 171,6 mlrd so‘mlik ma‘muriy jarimalar soliq to‘lovchilar ixtiyorida qoldi.

Hozirda yana 6 738 ta korxonada soliq hisobotini ixtiyoriy ravishda topshirib, huquqbuzarlikni birinchi marta sodir etgani hamda uni 30 kun ichida bartaraf etishi orqali jarimadan ozod bo‘lish imkoniyati mavjud.

O‘z vaqtida taqdim etilmagan har bir soliq hisoboti uchun BHMning 10 baravari (4,12 mln so‘m) miqdorida jarima qo‘llaniladi.

20-avgust kuni prezidentning tadbirkorlar bilan beshinchi ochiq muloqotida Soliq qo‘mitasi hukumatga bir qator o‘zgarishlarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini kiritishi belgilangan edi. Xususan:

  • soliq hisobotini o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun maʼmuriy jarima miqdorini kichik tadbirkorlik subyektlarining mansabdor shaxslariga nisbatan BHMning 10 baravaridan 3 baravariga (4,12 mln so‘mdan 1,236 mln so‘mga) tushirish, fuqarolar uchun BHMning 3 baravaridan 1 baravariga (1,236 mln so‘mdan 412 ming so‘mga) tushirish;
  • hisobot davrida bir nechta soliq turlari bo‘yicha soliq hisobotlari taqdim etilmagan holatda umumiy bitta jarima qo‘llash;
  • oxirgi 3 oyda soliq hisobotlarini o‘z vaqtida taqdim etib kelgan tadbirkorlik subyektlariga hisobotni o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun jarimani 5 kungacha qo‘llamaslik.

Avvalroq O‘zbekistonda QQSga o‘tgan tadbirkorlar bir yilga foyda solig‘idan ozod etilishi haqida xabar berilgandi.