AQShning Palo Alto Networks kompaniyasi bilan O‘zbekistonda axborot xavfsizligi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Raqamli texnologiyalar vaziri birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov Palo Alto Networks kompaniyasi NetSec yo‘nalishi prezidenti Kumar Ramachandran bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Unda tarmoq texnologiyalari va axborot xavfsizligi bo‘yicha mahalliy mutaxassislar tayyorlashni tashkil etish rejalari muhokama qilindi. Raqamli hukumat tizimining Ma‘lumotlarni qayta ishlash markazida Palo Alto Networks texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Shu bilan birga, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi. Unga axborot tizimlari va resurslarining auditi va zaifliklarni tekshirish (pentesting), davlat sektori va sanoat tarmoqlarini uslubiy ta‘minlash kiradi.

Bundan tashqari, kompaniya Raqamli hukumat tizimining axborot xavfsizligini ta‘minlashda sun‘iy intellekt texnologiyalarini joriy etishga yordam beradi.

2023-yilning iyun oyida Palo Alto Networks kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirishi haqida maʼlum qilingandi. Kompaniyaning mamlakat bo‘yicha menejeri Kurshad Demirsay mintaqada kiberxavfsizlikni rivojlantirish uchun bunday tadbirlar muhimligini va O‘zbekiston bozorining bu boradagi o‘sish imkoniyatlari katta ekanligini ta’kidlagandi.

Prezidentning sentabr oyidagi qarori bilan, Raqamli hukumat dasturi doirasida 41 ta ustuvor loyihani ishga tushirish, elektron davlat xizmatlari ulushini 70% ga yetkazish belgilangan.

Spot, avvalroq, banklarda axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni taʼminlash xizmati tashkil etilishi haqida yozgandi.