Sentabr oyida oylik inflyatsiya 0,6% ni tashkil etib, avgustga nisbatan 0,2% ga tezlashdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.

Shu bilan birga, narxlarning o‘sish surʼati 2024-yilning shu oyiga nisbatan ikki baravar pasaydi — o‘shanda bu ko‘rsatkich 1,2% ga teng edi. Joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida inflyatsiya 5,1% ni tashkil etdi yoki o‘tgan yilgi darajadan 1,6% past bo‘ldi.

Yillik inflyatsiya sentabr oyi oxirida 8% ga yetib, oy davomida 0,8% ga, o‘tgan yilning sentabr oyiga nisbatan esa 2,5% ga pasaydi. Bu ko‘rsatkich 2024-yil aprel oyidan, yaʼni energiya tariflari oshishidan oldingi davrdan ham biroz pastroq tushdi.

Oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oy davomida 0,6% ga, yil boshidan esa 6,1% ga ko‘tarildi. Oziq-ovqat mahsulotlarini hisobga olmaganda, inflyatsiya sentyabr oyida 0,5% ni, yillik hisobda esa 8,9% ni tashkil etdi. Sanoat tovarlari mos ravishda 0,3 va 6,1% ga, xizmatlar esa 0,3 va 14,9% ga qimmatlashdi.

Oylik inflyatsiyaning eng yuqori darajasi Qoraqalpog‘istonda (0,8%) qayd etilgan bo‘lsa, 5 ta viloyat — Buxoro, Namangan, Sirdaryo, Toshkent va Xorazmda atigi 0,5% ni tashkil etdi. 9 oy davomida narxlar eng ko‘p Qoraqalpog‘iston, Surxondaryo va Farg‘onada (5,6%), eng kam Jizzaxda (4,4%) va Toshkentda (4,5%) oshdi.

Farg‘ona viloyatida yillik inflyatsiya hududlar orasida eng yuqori — 8,9% ni tashkil etdi. Narxlar eng kam Andijon va Jizzax viloyatlarida (7,5%) ko‘tarildi.

Avvalroq Markaziy bank raisi Timur Ishmetov AI-80 benzinidan voz kechish O‘zbekistonda inflyatsiyaning oshishiga olib kelishini aytgandi.