To‘rtta hududda tegishli litsenziyasiz faoliyat yuritayotgan xususiy klinikalar aniqlandi, deb xabar berdi Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati.
Qo‘mita isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi NNTlar bilan ijtimoiy buyurtma shakllantirib, xususiy tibbiyot tashkilotlarida o‘rganishlar o‘tkazdi.
Qonunchilik talablariga amal qilinishi borasidagi o‘rganishlarda 7284 ta (mavjud klinikalarning 85%i) tibbiyot tashkilotlari qamrab olindi.
Natijada xususiy klinikalarning 2 mingtasi (27,4%) amalda ko‘rsatilgan manzilda faoliyat yuritmayotgani aniqlandi. 235 tasida (3%) esa peshlavhalari mavjud emas. Yana 3428 tasida (47%) tashqi reklama obyektlari joylashtirilgan.
Shu bilan birga, 1460 ta (20%) klinikada axborotlar davlat tilida berilmagan, 4 483 tasida (61,5%) xizmatlar narxi ko‘rsatilmagan.
Bundan tashqari, ayrim tibbiyot tashkilotlarining litsenziyasida mavjud bo‘lmagan faoliyat bilan ham shug‘ullanayotgani aniqlandi. Jumladan, Samarqand viloyatidagi Afx Dardga Shifo, Surxondaryo viloyatidagi Nigora Plus Charos Med hamda Sherobod Shifo Maskani klinikalarida shunday holatlar kuzatildi.
Shu bilan birga, Toshkent viloyatidagi beshta — Qiziltog Dental, Murod Yorg‘in Najot, Chirchiq Zinnura Stom, Tursunov Faxr Stom, Buloqboshi sog‘lomlashtirish klinikasi, Farg‘onadagi Zaylobiddin Shifo Nur va U-shifo center klinikalari ham litsenziyasida mavjud bo‘lmagan faoliyat bilan shug‘ullanilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan to‘plangan maʼlumotlar belgilangan tartibda choralar ko‘rish uchun mutasaddi tashkilotlariga taqdim etildi. Raqobat qo‘mitasi nodavlat notijorat tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda jamoatchilik nazoratini rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.
Avvalroq Namangan, Andijon va Toshkentdagi ayrim dorixonalarda sertifikatsiz dori vositalari sotilgani aniqlangandi.