O‘zbekiston hududlarida soliq tushumlari yil boshidan beri yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan choralar tufayli 27% ga oshdi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
O‘tgan haftada Soliq qo‘mitasi va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda xufiyona aylanma ulushi yuqori bo‘lgan sohalardagi muammolar muhokama qilindi.
Bunday sohalar qatorida qurilish, xizmat ko‘rsatish, savdo, turizm, transport, dam olish maskanlari, tibbiy xizmatlari bor. Shuningdek, yig‘ilishda ish o‘rinlari va ish haqi jamg‘armasini yashirish masalalari ham ko‘tarildi.
Turli sohalarda raqamlashtirish, EHF, ONKM, raqamli markirovka, MXIK, elektron yuk xati, jamoatchilikni jalb qilish orqali rag‘batlantirish institutlarining (keshbek) joriy etilishi yashirin iqtisodiyot ulushini 10−20% gacha “soya"dan chiqardi.
Qo‘mita maʼlumotlariga ko‘ra, korxonalarning rasmiy tovar aylanmasi joriy yilda 42% ga o‘sib, 737 trln so‘mni tashkil etdi. 26,8 ming kompaniyaning aylanmasi ikki barobarga ko‘payib, 189 trln so‘mga yetdi. Shu bilan birga, ilgari aylanmaga ega bo‘lmagan 24,3 ming korxona 93,4 trln so‘mlik operatsiyalarni amalga oshirdi.
2025-yilning 9 oyida davlat budjetiga 158,7 trln so‘m soliq tushumlari taʼminlandi — bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 23,8 trln so‘mga (18%) ko‘p. Uchinchi chorakda hududlardagi soliq tushumlari 30% ga, yil boshidan buyon esa 27% ga o‘sdi.
Hududlar kesimida Navoiy viloyatida soliq to‘lovlari 86% ga, Farg‘ona viloyatida 39% ga, Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatida esa qariyb uchdan bir qismga ko‘paydi.
Foyda solig‘i bo‘yicha tushumlar 1,5 barobarga, qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) bo‘yicha esa 28% ga oshdi. Umumiy ovqatlanish sohasida QQS 44% ga o‘sgan — bu qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xaridini elektron amalga oshirish va QQSni keshbek sifatida qaytarish instituti joriy etilishi bilan izohlanmoqda.
Yashirin ish o‘rinlarini qisqartirish ham muhokamadagi asosiy mavzulardan biri bo‘ldi. Joriy yilda o‘tgan yili umuman ishchi haqi hisoblamagan 17,1 mingta korxonada 1,9 trln so‘m ish haqi hisoblandi. 24,1 mingta korxonada ish haqi fondi 2 barobarga ko‘payib, 8,6 trln so‘mni tashkil etdi.
Yil boshidan o‘tgan yili umuman ishchi ko‘rsatmagan 17,8 mingta korxona 96,1 mingta ishchisini hisobotida aks ettirdi. Shuningdek, 14,5 mingta korxonada ishchilari soni 2 va undan ortiq ko‘payib, 255 mingtani tashkil etdi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda xorijliklar uchun maxsus soliq rejimi joriy etilishi haqida yozgandi.