Fang Yuan kompaniyasi O‘zbekistonda shisha mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi mumkin. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, 2-mart kuni vazir o‘rinbosari Ilzat Kasimov kompaniya bosh direktori Chang Xiaolong bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muzokaralarda investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va sanoat yo‘nalishidagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Kompaniya rahbari yuqori texnologiyalar asosida zamonaviy shisha mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish loyihasini taqdim etdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ikki tomonlama loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Yanvar oyida Xitoy kompaniyasi Samarqandda $500 mlnga qog‘oz zavodi qurishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.

Spot, avvalroq, Yaqin Sharqdagi vaziyat sabab eksportchilarga favqulodda yordam mexanizmi joriy etilgani haqida yozgandi.


Fang Yuan kompaniyasi — bugungi kunda 20 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi. Kompaniya qurilish materiallari, kimyo sanoati hamda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.