Yaqin Sharqdagi holat sabab eksportchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha favqulodda yordam mexanizmi joriy etildi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, Yaqin Sharq mintaqasida yuzaga kelgan vaziyat mazkur hudud orqali amalga oshirilayotgan tranzit, tashqi savdo operatsiyalariga bevosita ta‘sir ko‘rsatmoqda.
Natijada logistika uzilishlari, transport yo‘nalishlaridagi kechikishlar, bojxona rasmiylashtiruvi hamda xalqaro to‘lovlar bilan bog‘liq qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Shu bois vazirlik tomonidan tashqi savdo bilan shug‘ullanuvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida favqulodda yordam mexanizmi joriy etildi.
Mazkur mexanizm doirasida tadbirkorlar tomonidan @miittashqisavdobot Telegram-boti hamda 24/7 rejimida faoliyat yurituvchi Call-markazga (71 238 52 52 telefon raqami) murojaat qilishi mumkin.
Yaqin Sharqdagi mojaro
28-fevral kuni AQSH va Isroil Eronga aviazarbalar berishni boshladi, Tehron va boshqa shaharlarda kuchli portlashlar qayd etildi, deya xabar berdi The New York Times.
Donald Tramp AQSH Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlaganini tasdiqladi. Shundan keyin Isroil ham, Eron ham o‘z havo hududlarini yopdi.
Keyinroq O‘zbekiston Yaqin Sharqdagi vaziyat sababli Umra safarini vaqtincha kechiktirdi. Xususan, 2-martga rejalashtirilgan Toshkent-Jidda reysi ham ma’lum muddatga qoldiriladi.
TIV o‘zbekistonliklarga Yaqin Sharqqa safarlarni vaqtincha kechiktirishni tavsiya qilgandi. Hozirda xorijda bo‘lib turgan fuqarolardan esa ehtiyotkorlik choralarini ko‘rish so‘raldi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Yaqin Sharqdagi holat sabab fuqarolarni evakuatsiya qilish bo‘yicha topshiriq bergani haqida xabar berilgandi.