Shavkat Mirziyoyev raisligida mahalla tizimini yana-da takomillashtirish va joylarda ishlarni samarali tashkil etish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tashabbusli byudjet bo‘yicha qabul qilingan yangi qaror ga ko‘ra, mahallada odamlarning o‘zi faol bo‘lib boshlagan loyihalarga ko‘mak beradigan tizim joriy qilindi. Bu maqsadlar uchun kelgusi yilda yana 1 mingta loyihaga 500 mlrd so‘m ajratiladi.
Shuningdek, joriy yildan Soliq qo‘mitasi yer va mol-mulk soliqlarini to‘langanlik darajasiga qarab, Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla reytingini eʼlon qiladi. Bunda 100 talikka kirgan mahallaga Tashabbusli byudjetning yangi tizimi bo‘yicha infratuzilma xarajatining 75% i byudjetdan to‘lab beriladi. Ularning har biriga qo‘shimcha 2 mlrd so‘mdan ajratiladi.
Qonunchilik palatasi deputatlariga o‘z okrugidagi mahallalar infratuzilmasini yaxshilash uchun har biriga 3 mlrd so‘mdan mablag‘ beriladi.
Mahalla hududida sanitariya, ekologiya va noqonuniy qurilish bo‘yicha jarimalarning 10% i mahalla byudjetiga yo‘naltiriladi. Mahallalar byudjetiga 2026-yildan boshlab har yili 200 mlrd so‘mdan ajratiladi.
“Ana shu aytib o‘tgan beshta manba hisobidan kelgusi bir yil uchun 2 mingta mahallaga qo‘shimcha 8,5 trln so‘m mablag‘ beryapmiz”, — dedi prezident.
Yig‘ilishda taʼkidlanishicha, oxirgi yillarda 7,5 mln fuqaro kambag‘allikdan chiqdi, ishsizlik darajasi 2 barobar qisqardi. Bunga mahallada “yettilik” tizimi joriy qilinib, moddiy yordam ajratish kabi 100 dan ziyod xizmatlar mahalla darajasiga tushirilgandan so‘ng erishildi.
Prezident mahallalarda infratuzilmani yaxshilash masalalariga eʼtibor qaratib, o‘tgan hafta imzolangan qaror ga muvofiq, 33 ta tuman va 330 ta og‘ir mahalla belgilab olinganini aytdi.
Bu tumanlarning har biriga 100 mlrd so‘mdan, 330 ta mahallaning har biriga esa 5 mlrd so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Jahon banki va Islom taraqqiyot bankidan jalb qilingan $100 mln ham mazkur maqsadlarga qaratiladi.
Bundan tashqari, ushbu tuman va mahallalardagi “drayver” loyihalar infratuzilmasi uchun yana 2 trln so‘m beriladi. Bu dasturni moliyalashtirish uchun 7 trln so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltiriladi.
Viloyat hokimlarining o‘zi ham 2 tadan, tuman hokimlari esa 1 tadan og‘ir mahallani belgilab, ularga 5 mlrd so‘mdan yo‘naltirishi, yana 236 ta mahalla aholisi turmushida keskin o‘zgarish qilishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.