Toshkentning yangi xalqaro aeroportini Saudiya Arabistoni va Yaponiya kompaniyalari quradi. Bu haqda Nikkei Asia nashri xabar berdi.
Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi. Xususiy hamkorlar sifatida Saudiya Arabistonining Vision Invest kompaniyasi va Yaponiyaning Sojitz savdo uyi ishtirok etadi. Sojitz loyihaga “10 mlrdlab iyena” mablag‘ sarflaydi.
Nashrning xabar berishicha, aeroportni 2028-yilda ishga tushirish rejalashtirilgan.
Avgust oyida Sojitz Corporation prezidenti Kosuke Uemura kompaniyaning O‘zbekistondagi investitsiya portfeli umumiy qiymati $1 mlrdni tashkil etishini maʼlum qilgandi. Loyihalardan biri Toshkent xalqaro aeroportiga taalluqli bo‘lib, yapon kompaniyasi unga $200 mln sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda.
Nikkei Asia taʼkidlashicha, Sojitz Yaponiyadagi Kumamoto va Okinava prefekturalarining xalqaro aeroportlarini, shuningdek Palaudagi aeroportni boshqarish bilan shug‘ullanadi.
15-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvda bugun Toshkentning yangi xalqaro aeroportini qurish loyihasiga tamal toshi qo‘yilishini maʼlum qildi. Bu “ikki mamlakat o‘rtasidagi samarali va uzoq muddatli sheriklikning yana bir yorqin dalili bo‘lgan tarixiy loyiha” ekanligi qayd etildi.
Toshkentning yangi aeroporti
Joriy yilning avgust oyi boshida Shavkat Mirziyoyevga transport sohasidagi yirik loyihalar bo‘yicha axborot berilib, unda Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport qurilishi rejalashtirilayotgani, hozirda xususiy sheriklik bo‘yicha xorijiy kompaniyalar takliflari ko‘rib chiqilayotgani ma’lum qilindi.
Transport vaziri Ilhom Mahkamov yangi aeroport mavjud havo bandargohidan 17 km uzoqlikda, poytaxtdan janubda qurilishini ma’lum qildi. Manzil logistika va transport infratuzilmasiga, jumladan, Toshkent va Samarqandni bog‘lovchi M-39 avtomagistraliga yaqinligidan kelib chiqib tanlangan. Bundan tashqari, poytaxtning yangi aeroporti bo‘lajak Toshkent-Samarqand pulli yo‘li yo‘nalishida joylashadi.
Spot Toshkent viloyati xaritasini tahlil qilib, amaldagi aeroportdan 17 km masofani hisobga olgan holda, yangi havo portining ehtimoliy joylashuv o‘rni Yangiyo‘l shahri yaqinida bo‘lishi mumkinligini aniqlagandi. Anonim qolishni xohlagan ishonchli manba buni Spot’ga tasdiqlagandi. Biroq, oradan ko‘p o‘tmay Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Toshkentning yangi xalqaro aeroporti O‘rta Chirchiq tumanidagi 1200 gektar maydonda qurilishini ma’lum qildi.
Uzbekistan Airports raisi Javlonbek Umarxo‘jayev Toshkentdagi mavjud aeroport yiliga 11 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga egaligini qayd etdi. Terminalni 2030-yilgacha kengaytirish hisobiga yo‘lovchilar oqimi 15 mlngacha yetishi mumkin. Biroq, bir vaqtning o‘zida bir nechta uchish-qo‘nish yo‘lagidan foydalanish imkonsiz.
Umarxo‘jayev keyingi besh yil ichida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilayotgan yangi xalqaro aeroport qurilishiga yuqori talab mavjudligini qayd etdi. Birinchi bosqichda havo porti yiliga 20 mlngacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish, 169 ta samolyotni joylashtirish va bir vaqtning o‘zida soatiga 40 dan ortiq uchish-qo‘nishni ta’minlaydi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2026−2028 yillarga mo‘ljallangan fiskal strategiyasiga ko‘ra, 2026-yil Toshkent, Buxoro va Urganch shaharlarida yangi xalqaro aeroportlar qurish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga kirishish ko‘zda tutilgan.
Yangi xalqaro aeroport uchun Toshkent viloyatidan 1300 gektar yer ajratiladi. Uning 60%i — 790,76 gektari O‘rta Chirchiq, 519 gektari esa Quyi Chirchiq tumanidan olinadi.
Spot, avvalroq, prezident saudiyalik investorlarni O‘zbekistonda geologiya-qidiruv ishlarini olib borishga taklif etgani haqida yozgandi.