Shavkat Mirziyoyev 15-oktabr kuni Toshkent viloyatidagi yangi xalqaro aeroport loyihasi bilan tanishdi va uning qurilishini boshlashga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etdi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.
So‘nggi 8 yil ichida Toshkentga yo‘lovchilar oqimi uch baravar ko‘payib, yiliga 9 mln kishiga yetdi va 2040-yilga kelib 24 mldan oshadi. Biroq, yiliga 11 mln yo‘lovchiga mo‘ljallangan va shahar hududida joylashgan mavjud aeroportni kengaytirish mumkin emas.
Davlat rahbari tadbirda so‘zlar ekan, kelgusi yillarda transport infratuzilmasi jadal rivojlantirilishini ta’kidladi.
Rejaga ko‘ra, keyingi besh yilda aviaparkdagi samolyotlar soni 180 taga, yo‘nalishlar 230 taga, mahalliy va xalqaro aviaqatnovlar esa yiliga 200 minggacha yetkaziladi. Aeroport infratuzilmasi xususiy sheriklik asosida rivojlantiriladi.
Yangi aeroport Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlarida, 1 300 gektar maydonda qurilmoqda. Loyiha Saudiya Arabistonining Vision Invest, Yaponiyaning Sojitz va Koreyaning Incheon kompaniyalari hamkorligida amalga oshiriladi.
Qayd etilishicha, loyihaning birinchi bosqichida $2,5 mlrdlik sarmoya evaziga aerovokzal va aerodrom barpo etiladi.
Natijada yiliga 20 mln yo‘lovchi, 129 ming tonna yuk tashish, soatiga 30 ta parvoz amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.
Bu loyiha mintaqadagi “yashil standart"ga javob beradigan birinchi aeroport bo‘ladi. Unda 46 ming kvadrat metrlik “Duty Free” zonasi, tezyurar poyezd stansiyasi va pullik avtomobil yo‘llariga ulangan multimodal transport bog‘lamasi barpo etiladi.
Prezidentning ta’kidlashicha, yangi aeroport O‘zbekistonni Sharq va G‘arbni bog‘lovchi yirik aviatsiya markaziga aylantiradi va mamlakatga $27 mlrddan ortiq daromad keltiradi.
Mamlakatda xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish, turizm sohalarining yanada rivojlanishiga, yangi ish o‘rinlarining ochilishiga hissa qo‘shadi.
Tadbir yakunida Shavkat Mirziyoyev yangi aeroport poydevoriga ramziy kapsula qo‘yib, qurilish ishlarini rasman boshlab berdi.
Toshkentning yangi aeroporti
Joriy yilning avgust oyi boshida Shavkat Mirziyoyevga transport sohasidagi yirik loyihalar bo‘yicha axborot berilib, unda Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport qurilishi rejalashtirilayotgani, hozirda xususiy sheriklik bo‘yicha xorijiy kompaniyalar takliflari ko‘rib chiqilayotgani ma’lum qilindi.
Transport vaziri Ilhom Mahkamov yangi aeroport mavjud havo bandargohidan 17 km uzoqlikda, poytaxtdan janubda qurilishini ma’lum qildi. Manzil logistika va transport infratuzilmasiga, jumladan, Toshkent va Samarqandni bog‘lovchi M-39 avtomagistraliga yaqinligidan kelib chiqib tanlangan. Bundan tashqari, poytaxtning yangi aeroporti bo‘lajak Toshkent-Samarqand pulli yo‘li yo‘nalishida joylashadi.
Spot Toshkent viloyati xaritasini tahlil qilib, amaldagi aeroportdan 17 km masofani hisobga olgan holda, yangi havo portining ehtimoliy joylashuv o‘rni Yangiyo‘l shahri yaqinida bo‘lishi mumkinligini aniqlagandi. Anonim qolishni xohlagan ishonchli manba buni Spot’ga tasdiqlagandi. Biroq, oradan ko‘p o‘tmay Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Toshkentning yangi xalqaro aeroporti O‘rta Chirchiq tumanidagi 1200 gektar maydonda qurilishini ma’lum qildi.
Uzbekistan Airports raisi Javlonbek Umarxo‘jayev Toshkentdagi mavjud aeroport yiliga 11 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga egaligini qayd etdi. Terminalni 2030-yilgacha kengaytirish hisobiga yo‘lovchilar oqimi 15 mlngacha yetishi mumkin. Biroq, bir vaqtning o‘zida bir nechta uchish-qo‘nish yo‘lagidan foydalanish imkonsiz.
Umarxo‘jayev keyingi besh yil ichida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilayotgan yangi xalqaro aeroport qurilishiga yuqori talab mavjudligini qayd etdi. Birinchi bosqichda havo porti yiliga 20 mlngacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish, 169 ta samolyotni joylashtirish va bir vaqtning o‘zida soatiga 40 dan ortiq uchish-qo‘nishni ta’minlaydi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2026−2028 yillarga mo‘ljallangan fiskal strategiyasiga ko‘ra, 2026-yil Toshkent, Buxoro va Urganch shaharlarida yangi xalqaro aeroportlar qurish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga kirishish ko‘zda tutilgan.
Yangi xalqaro aeroport uchun Toshkent viloyatidan 1300 gektar yer ajratiladi. Uning 60%i — 790,76 gektari O‘rta Chirchiq, 519 gektari esa Quyi Chirchiq tumanidan olinadi.
Spot, avvalroq, prezident saudiyalik investorlarni O‘zbekistonda geologiya-qidiruv ishlarini olib borishga taklif etgani haqida yozgandi.
Avvalroq prezident Toshkentning Shota Rustaveli ko‘chasida tashkil etilgan BRT avtobus yo‘lagini borib ko‘rgani haqida xabar berilgandi.