Avvalroq Shavkat Mirziyoyevga temir yo‘l sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi yillar uchun rejalar taqdimot qilingani haqida xabar berilgandi.
Unda kelgusi yillarda yangi ochiladigan yo‘nalishlar va qurilayotgan yo‘llar uchun lokomotiv va vagonlar parkini kengaytirish bo‘yicha rejalar bayon etildi.
Xitoydan 38 ta magistral lokomotiv, 50 ta manyovrli va gibrid manyovrli lokomotiv xarid qilish rejalashtirilgan.
Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasi bilan hamkorlikda 6 ta yuqori tezlikdagi elektropoyezd olib kelinib, ulardan birinchisini kelgusi yilda Toshkent — Urganch — Xiva yo‘nalishida qatnovga qo‘yish topshirildi. Bu orqali yo‘nalishda yo‘l vaqti hozirgi 14 soatdan 7,5 soatgacha qisqarishi kutilmoqda.
Shuningdek, mamlakatda 250 ta zamonaviy yo‘lovchi vagonlarini qurish, shaharlararo qatnaydigan 23 ta elektr poyezdini xarid qilish orqali yo‘lovchilarga sharoitlar kengaytiriladi. 10 mingta yuk vagonlarini qurish, 6 mingdan ziyodini tiklash hamda 12 ta elektrovozni kapital ta’mirdan chiqarish vazifalari belgilandi.
Temir yo‘l sohasida xususiy sheriklik loyihalarini ko‘paytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘l qurilishi bo‘yicha amaliy ishlarning borishi ham ko‘rib chiqildi.
Prezident mazkur yo‘lning Markaziy Osiyoda transport bog‘liqligini oshirish va mamlakatning tranzit salohiyatini mustahkamlashdagi strategik ahamiyatini ta’kidlab, qurilish ishlarining sifatini ta’minlash yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.
Yig‘ilish yakunida temir yo‘l tarmog‘ini modernizatsiya qilish va kengaytirish bo‘yicha belgilangan loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanib, xarajatlarni maqbullashtirish hamda sohada yo‘lovchilar va biznes uchun qulay, xavfsiz va ishonchli muhit yaratish yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.
Joriy yilning may oyida O‘zbekiston temir yo‘llari boshqaruvi raisi Zufar Narzullayev prezident Xitoyning CRRC kompaniyasi bilan 50 ta manyovr teplovozlarini sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzishni topshirganini ma’lum qilgandi. 2025-yilda 8 ta yangi teplovoz va 4 ta yangi elektrovoz olib kelinishi belgilangandi.
Avvalroq 2026-yilda Toshkent metropoliteni yana 56 ta yangi vagon sotib olishi haqida xabar berilgandi. Metropoliten ma’muriyati yetkazib berish hisobiga poyezdlar orasidagi intervallarni qisqartirishga va’da bermoqda.
