O‘zbekiston va Qozog‘iston ko‘p milliard dollarlik loyihalar portfelini amalga oshirish uchun qo‘shma investitsiya platformasini ishga tushirishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.
15-noyabr kuni Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning tor doiradagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi yil boshidan buyon $4 mlrddan oshdi. Tomonlar o‘zaro yetkazib berish hajmini oshirish va import o‘rnini bosish hisobiga 2030-yilga borib bu ko‘rsatkichni $10 mlrdga yetkazish niyatida. Yuk tashish hajmi ham oshib bormoqda, shaharlar o‘rtasida haftasiga 40 dan ortiq aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda 6,5 mingta qo‘shma korxona tashkil etilgan, ustuvor tarmoqlarda yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun umumiy qiymati $8 mlrddan ortiq bo‘lgan loyihalar portfeli tayyorlandi. Bunday loyihalarni ilgari surish uchun qo‘shma investitsiya platformasini ishga tushirish taklif qilindi.
Muzokaralar chog‘ida davlat rahbarlari energetika, transport, kimyo sanoati, qishloq va suv xo‘jaligi, atrof-muhitni muhofaza qilish, IT va boshqa muhim yo‘nalishlarda sheriklikni kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdilar.
Bundan tashqari, hududlararo aloqalarni kengaytirish maqsadida 2026-yilda Qozog‘istonda ikki mamlakat hududlari rahbarlarining birinchi uchrashuvini o‘tkazishga kelishib olindi.
Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yetakchilar savdo, sanoat kooperatsiyasi, transport va logistika, energetika, qishloq xo‘jaligi, suv resurslari kabi ustuvor yo‘nalishlarda, shuningdek, madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni mustahkamlash masalalarini ko‘rib chiqqan.
Avvalroq Spot Toshkent-Sharqiy xalqaro aeroportiga Toshkent-Humo deb nom berilgani haqida yozgandi.
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev yangi aeroportning birinchi mehmoni bo‘ldi. Shavkat Mirziyoyev u bilan muzokara o‘tkazdi.
