Farg‘ona vodiysidagi “metan zapravka"larga ko‘chma konteynerlar orqali siqilgan tabiiy gaz yetkazib berish loyihasi yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Energetika vazirligi va O‘zbekneftgaz tomonidan amalga oshirilayotgan loyihaga Xitoyning uchta kompaniyasi — Himile Mechanical Manufacturing (Shandong) Co., Ltd., Luxi New Energy Equipment Group Co., Ltd. hamda Xinjiang Silk Road Golden Camel Supply Chain Management Co., Ltd. jalb qilingan.
Uning doirasida Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanida kompressor stansiyasi qurilishi boshlandi. Stansiyaning umumiy maydoni 16 327 kv.metrni tashkil etadi hamda u kunlik 270 ming kub metr tabiiy gazni siqib, yuqori bosimdagi ko‘chma konteynerlarga yuklaydi.
Sinov loyihasi doirasida siqilgan tabiiy gazni tashishga mo‘ljallangan 30 ta Sitrak yuk avtomobillari topshirildi. Qish kunlari ko‘chma avtosisternalar orqali Andijon, Farg‘ona va Namangandagi quvurlarida gaz bosimi pasaygan avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalariga, ular orqali esa ijtimoiy soha obyektlariga xizmat ko‘rsatuvchi hamda aholi avtomobillariga gaz yetkazib beriladi.
Yuqori bosimdagi ko‘chma gaz konteynerlarining umumiy soni 150 tani tashkil etadi. Bir dona konteyner 6 ming kub metr gazga mo‘ljallangan bo‘lib, u o‘rtacha 300 ta yengil avtomobilga xizmat ko‘rsatadi. Natijada, bir sutkada 15 mingtagacha avtomobilga gaz to‘ldirish mumkin bo‘ladi.




O‘zbekneftgaz kompaniyasining Uglevodorodlarni qazib chiqarish departamenti boshlig‘i Aziz Rahmonov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida loyihani boshlashdan oldin Xitoy tajribasi o‘rganilganini qayd etdi.
“Qish mavsumida bosim tushishi kuzatilgan hududlardagi 50 ga yaqin gaz to‘ldirish shohobchalari ro‘yxati tasdiqlandi. Uning asosida sovuq kunlarda tabiiy gaz yetkazib berilishi ta’minlanadi. Loyihaning ishlashi quyidagicha: 150 ta konteynerdan 50 tasi gaz to‘ldirishda foydalanilsa, 50 tasi doimiy yo‘lda bo‘ladi, qolgan 50 tasi esa AGTKShlarga yetkazib berilib, realizatsiya jarayonlarida xizmat ko‘rsatadi”, — dedi u.
Bundan tashqari, Sinotruk kompaniyasi direktori Sau Fu Jian transport vositalari barqaror faoliyat ko‘rsatishi uchun haydovchilar bosqichma-bosqich maxsus o‘quv kurslarida o‘qitilishini ma’lum qildi. Ular 24 soatlik qo‘llab-quvvatlash xizmatidan foydalanishlari va mobil ilova orqali O‘zbekiston hududidagi rasmiy servis stansiyalari bilan istalgan vaqtda bog‘lanishlari mumkin bo‘ladi.
Sitrak yuk avtomobillari uchun birinchi texnik xizmat bepul ko‘rsatiladi. Xitoydan original ehtiyot qismlar yetkazib berilib, professional muhandislar hamda servis jamoasi avtomobillarni to‘liq tekshirish uchun yuboriladi.
Avvalroq gaz quyish shoxobchalari uchun UGaz tizimi ishga tushirilgani haqida xabar berilgandi.




