O‘zbekiston AQShga Toshkentda biznes maktabi va kasb-hunar kollejini ochishni taklif qildi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

19-noyabr kuni palatada Nyu-York shahri meri Erik Adams boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda SSP raisining maslahatchisi Umid Safarov, o‘zbekistonlik tadbirkorlar hamda biznes uyushmalari vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda tomonlar o‘zaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish, qo‘shma kooperatsiya loyihalarini rivojlantirish va ikki hudud o‘rtasidagi biznes aloqalarni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Muzokaralarda Umid Safarov o‘zbekistonlik tadbirkorlarni AQSh kapital bozorlariga tayyorlash maqsadida Nyu-York fond birjasi bilan hamkorlik o‘rnatish tashabbusini ilgari surdi.

O‘zbekistonda AQShning yetakchi universitetlari bilan biznes maktabi va akseleratsiya dasturlarini yaratish taklifi bildirildi. Shuningdek, Toshkentda qo‘shma kasb-hunar kollejini ochish taklif qilindi.

Kichik biznes uyushmasi raisi Kamolat Mirzaaliyeva esa Nyu-York kichik biznes birlashmasi bilan hamkorlik o‘rnatish va mahalliy mahsulotlarni AQSh bozoriga eksport qilishda ko‘mak so‘radi.

Bundan tashqari, tadbirkorlar tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Amerika bozoriga yetkazib berishni kengaytirish, bioximyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish va innovatsion loyihalarni rivojlantirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Avvalroq prezident farmoni bilan Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi tashkil etilishi belgilangandi. Unda prezident administratsiyasining AQShdagi vakili lavozimi joriy etilishi aytilgandi.