Oktabr oyida uy-joy oldi-sotdi bitimlari 12% ga oshib, 27,1 mingtani tashkil etdi. Bu 2023 yil avgustidan buyon qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida qayd etilgan.

O‘tgan oyda uy-joy bozoridagi faollik o‘sishi respublikaning barcha hududlarida qayd etildi.

Eng katta oylik o‘sish Xorazm, Buxoro va Toshkent viloyatlarida kuzatilib, bu hududlarda uy-joy oldi-sotdi bitimlari o‘rtacha 26%ga ko‘paydi.

Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida esa o‘sish mo‘tadil bo‘lib, mos ravishda taxminan 2% va 4% ni tashkil etdi.

Mamlakat bo‘yicha uy-joy oldi-sotdi bitimlarining taxminan 30%i Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keladi. Oktabr oyida poytaxtda savdo hajmi oylik hisobda 5,3%ga, yillik hisobda esa 32%ga oshdi.

ko'chmas mulk, oktabr, tahlil, uy-joy

Toshkentda uy-joy bozori

Oktabr oyida Toshkentda ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar deyarli o‘zgarmasdan qoldi, o‘rtacha o‘sish 0,7% atrofida bo‘ldi. Yillik hisobda, o‘tgan yilga nisbatan, poytaxtda ikkilamchi uy-joy narxlari 1% ga pasaygan.

Eng sezilarli tushish Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlarida qayd etilgan, bu yerda o‘rtacha narxlar taxminan 5% ga arzonlashgan.

Poytaxtning birlamchi uy-joy bozorida esa aksincha, narxlar o‘sishi kuzatilmoqda. Oktabr oyida bir kvadrat metr uchun o‘rtacha narx yillik hisobda 2,1%ga oshgan.

Eng yuqori o‘sish Bektemir, Yashnobod, Mirobod va Yakkasaroy tumanlarida qayd etilgan bo‘lib, bu hududlarda narxlar o‘rtacha 5,5% ga o‘sgan.

Toshkentda uy-joy ijarasi

Oktabr oyida Toshkentda o‘rtacha ijara stavkalari o‘tgan oy darajasida qolib, 1 kvadarat metr uchun $8,5 ni tashkil etdi.

Eng yuqori ijara narxlari poytaxtning markaziy hududlari Mirobod, Yakkasaroy va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida saqlanmoqda, bu hududlarda 1 kvadrat metr uchun o‘rtacha ijara haqi taxminan $10,2 ni tashkil etadi.

Shu bilan birga, o‘tgan yil oktabriga nisbatan Toshkentda uy-joy ijara narxlari 1,6% ga oshgan. Eng katta o‘sish Bektemir, Yashnobod va Sergeli tumanlarida qayd etilgan, bu tumanlarda ijara narxlari o‘rtacha 9% ga ko‘tarilgan.

Ikkilamchi uy-joy bozori

Oktabr oyida ikkilamchi uy-joy bozoridagi narxlar dinamikasi biroz tezlashdi. Bir oy ichida 1 kvadrat metr uchun o‘rtacha narx 2,4% ga oshdi, sentabrda bu ko‘rsatkich 0,6% bo‘lgan edi.

O‘tgan yilning mos davriga nisbatan hisoblaganda, ikkilamchi bozorda o‘rtacha narx 1 kvadrat metr uchun 7,4% ga o‘sgan.

Eng yuqori o‘sish sur’atlari Surxondaryo va Namangan viloyatlarida qayd etildi, bu hududlarda uy-joy narxlari taxminan 20% ga oshdi.