Toshkent-Samarqand pulli avtomobil yo‘lini qurish bo‘yicha loyiha yakuniy bosqichda. Bu haqda 19-noyabr kuni davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha uchinchi davra suhbati doirasida Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Spot muxbiriga ma’lum qildi.
Vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, DXSH loyihasi g‘olibi “deyarli” aniqlangan, biroq u bilan hali shartnoma imzolanmagan. Biroq Choriyev tenderda g‘olib chiqqan kompaniya nomini ochiqlamadi.
“Loyiha yakuniy bosqichda. Biz qurilishni 2026-yil boshiga rejalashtirmoqdamiz”, — dedi Transport vaziri o‘rinbosari.
Avgust oyida transport vaziri Ilhom Mahkamov Toshkent-Samarqand pulli trassasi loyihasi bo‘yicha tender g‘olibi aniqlanganini ma’lum qilgandi. Vazirlik kelishuvni imzolash uchun g‘olib bilan muzokaralarni boshlashni rejalashtirgandi.
Toshkent bilan Samarqand o‘rtasida muqobil tezyurar yo‘l qurish loyihasiga bir necha hamkor davlatlar kompaniyalari qiziqish bildirgan. Toshkent — Samarqand pulli yo‘lini qurish loyihasi bo‘yicha tender o‘tkazilishi haqida jamoatchilikka xabar berilmagan. Prezident matbuot xizmati ham, transport vaziri ham tender g‘olibi bo‘lgan kompaniya haqida ma’lum qilmagan.
O‘tgan yilning avgust oyida qabul qilingan prezident qarori bilan Toshkent-Samarqand yo‘li qurilishini 2024-yilning dekabrida boshlash belgilangandi. Uning umumiy uzunligi 305 kmni, qiymati esa $2,2 mlrdni tashkil etadi. Yo‘l Toshkent, Sirdaryo, Jizzax hamda Samarqand viloyatlarini qamrab oladi. Uning boshqaruvi 2028-yilning dekabrigacha DXSh asosida xususiy operatorga beriladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2026−2028 yillarga mo‘ljallangan fiskal strategiyasida Toshkentdan Samarqand va Andijonga pulli yo‘llar qurilishi 2026-yilda boshlanishi haqida so‘z boradi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda Yangi Andijondan Xonobodgacha yana bir pulli yo‘l qurilishi haqida yozgandi.
