Xiaomi 2026-yilda smartfonlar narxi sezilarli darajada oshishini aytdi. Bu haqda kompaniya prezidenti Lu Veybin ma’lum qildi, uning so‘zlarini Reuters keltirmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sun’iy intellekt uchun xotira chiplari narxining keskin oshishi tannarxga jiddiy bosim o‘tkazadi va hatto narxlarning oshishi ham xarajatlarni to‘liq qoplay olmaydi.

Veybinning ta’kidlashicha, aynan sun’iy intellekt sanoati uchun yuqori unumli xotira modullariga bo‘lgan talab narxlarning oshishiga asosiy sabab bo‘lgan.

Dunyo bo‘ylab yirik IT-kompaniyalar tobora ko‘proq ma’lumot markazlarini ishga tushirib, sun’iy intellekt bilan ishlash imkoniyatlarini faol ravishda kengaytirmoqdalar.

Shu fonda xotira ishlab chiqaruvchilari, jumladan Samsung, smartfonlarda ishlatiladigan oddiy chiplarni ishlab chiqarishni qisqartirib, quvvatni qimmat va tanqis HBM xotira ishlab chiqarishga o‘tkazmoqda.

Avvalroq Xiaomi rahbari yangi Redmi K90'ning yuqori narxlarini xuddi shu omil — xotira narxining oshishi bilan izohlagan edi.

Kompaniyaning moliyaviy hisobotiga ko‘ra, uchinchi chorakda Xiaomi 43,3 mln dona smartfon yetkazib bergan, bu o‘tgan yilga nisbatan 0,5% ga ko‘p. Bu unga jahon smartfon bozorida 13,6 foiz ulush bilan uchinchi o‘rinni saqlab qolish imkonini berdi.


Avvalroq Xiaomi qahva hidiga ega smartfon ishlab chiqargani haqida xabar berilgandi.

Ta’kidlanishicha, smartfonning orqa qopqog‘iga qahva quyqasi o‘rnatilgan va amerikanoning hidini taratadi.