Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) O‘zbekistonga oltin narxi oshishining budjet xarajatlari va valyuta kursiga ta’sirini cheklashni tavsiya qildi. Bu haqda XVJ xodimlarining missiya yakunlari bo‘yicha bayonotida keltirilgan.

2025-yilning to‘qqiz oyida investitsiyalarning yuqori hajmi va uy xo‘jaliklarining iste’mol darajasi hisobiga real YIM 7,6% ga o‘sdi. Talabning faol o‘sishiga qaramay, umumiy va bazaviy inflyatsiya sur’atlari sekinlashdi va oktabr oyi oxirida 7,8 va 6,6% ni tashkil etdi.

Inflyatsiyaning sekinlashishi sabablari qatorida o‘tgan yili energiya resurslarining ma’muriy narxlari oshishi ta’sirining susayishi, real almashuv kursining mustahkamlanishi va pul-kredit siyosatining cheklovchi xususiyatining saqlanib qolishi kabi omillar bor.

Chakana sektorda kreditlash ishonchli ravishda o‘sib bormoqda: past baza ta’sirini hisobga olgan holda, sentabr oyi holatiga ko‘ra, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘sish 23% ni tashkil etdi, korporativ sektorda esa kreditlashning nisbatan mo‘tadil sur’atlari kuzatildi.

Oltin narxining yuqoriligi, oltin bilan bog‘liq bo‘lmagan eksportning faol dinamikasi va pul o‘tkazmalarining katta hajmi tufayli joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi birinchi yarim yillikda sezilarli darajada kamaydi. Oktabr oyi oxiridagi holatga ko‘ra, xalqaro zaxiralar sezilarli darajada — 12 oylik potensial import darajasida qolmoqda.

XVJ iste’mol va investitsiyalarning barqaror o‘sishi hisobiga O‘zbekiston iqtisodiyoti joriy va kelgusi yillarda 7 va 6% ga o‘sishini prognoz qilmoqda. 2027-yil oxiriga kelib inflyatsiya darajasi Markaziy bankning 5% lik target darajasiga tushishi kutilmoqda.

Inflyatsiyani oshiruvchi xatarlar bydjetda rejalashtirilganidan yuqori daromadlarning, shu jumladan oltinning davriy sarflanishi hamda direktiv va imtiyozli kreditlash dasturlarini kengaytirishga nisbatan bosim bilan bog‘liq bo‘lib, bu yuqori talab sharoitida haddan tashqari qizib ketishga olib kelishi mumkin. Prognoz yomonlashuvining tashqi xatarlari qatoriga jahon iqtisodiyotining rivojlanish istiqbollari noaniqligi, geosiyosiy voqealar va xomashyo narxlarining o‘zgaruvchanligi kiradi.

Shu bilan birga, tarkibiy islohotlarni amalga oshirishning tezlashishi, kapital oqimlari va pul o‘tkazmalari hajmining ko‘payishi hamda oltin narxining oshishi prognozni yaxshilashga yordam berishi mumkin.

Jamg‘armaning qayd etishicha, jadal iqtisodiy o‘sish oltin narxining yuqoriligi bilan birgalikda makroiqtisodiy barqarorlikni saqlash, barqaror o‘sishni ta’minlash uchun barqarorlikni oshirish va islohotlarni ilgari surish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirish uchun qulay imkoniyatdir.

“Iqtisodiy faollikning kutilganidan yuqori sur’atlari va oltin narxining oshishi tufayli budjetga rejalashtirilganidan ko‘ra ko‘proq daromad tushishiga javoban davlat xarajatlarini oshirish bo‘yicha harakatlarni minimallashtirish juda muhimdir”, — deyiladi xabarda.

Hukumat joriy yilda va 2026-yilda konsolidatsiyalashgan davlat budjeti taqchilligini maqsadli 3% darajasida saqlab qolmoqchi.

2025-yilda qo‘shimcha tushumlar xarajatlarni oshirish uchun sharoit yaratdi. XVJ kelgusida talab tomonidan inflyatsion bosimni jilovlash, real almashuv kursining istalmagan tarzda mustahkamlanishiga yo‘l qo‘ymaslik va oltin narxi pasaygan taqdirda makroiqtisodiy o‘zgaruvchanlikni kuchaytirishi mumkin bo‘lgan keskin tuzatishlar kiritish zaruratining oldini olish, shuningdek, budjet uchun bufer zaxiralarini to‘plash maqsadida budjetda rejalashtirilmagan qo‘shimcha daromadlar hisobidan moliyalashtiriladigan xarajatlarni oshirish bo‘yicha tashabbuslarni cheklashni tavsiya qiladi.

Avvalroq Spot XVJ O‘zbekistonda iqtisodiyot va inflyatsiya o‘sishi tezlashishini prognoz qilayotgani haqida yozgandi.