ByteDance Oracle, Silver Lake va MGX kompaniyalarini o‘z ichiga olgan investorlar guruhiga TikTok’ning Amerika biznesini sotish to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi.
TikTok rahbari Shou Chu xodimlarga kelishuv tafsilotlari bayon etilgan xizmat xatini jo‘natgan, deya xabar bermoqda CNBC.
Xatda ta’kidlanishicha, kompaniyaning Amerika biznesi TikTok USDS Joint Venture LLC tasarrufiga o‘tadi. Bu ByteDance qo‘shma korxonasi va investorlar konsorsiumi bo‘lib, uning tarkibiga Oracle, Silver Lake va Abu-Dabi MGX davlat investitsiya fondi kiradi.
Xitoy kompaniyasi yangi tuzilmaning 19,9%iga egalik qiladi. Konsorsium ulushi 45%ni tashkil etadi. Yana taxminan 30%i “TikTok'ning ayrim mavjud investorlari bilan bog‘liq kompaniyalar"ga o‘tkaziladi. Qolgan 5% egalari ma’lum qilinmaydi.
TikTok USDS Joint Venture amerikalik foydalanuvchilarning ma’lumotlarini himoya qilish, kontentni moderatsiya qilish va “dasturiy ta’minot sifati kafolati” uchun javobgar bo‘ladi.
Xizmatning asosiy tavsiya algoritmi “tasma tashqi aralashuvga uchramasligini ta’minlash uchun AQSH foydalanuvchilari ma’lumotlari asosida” qayta o‘qitiladi.
2024-yil aprel oyida AQSHning sobiq prezidenti Jo Bayden TikTok’ni majburiy sotish yoki taqiqlash to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Donald Tramp 2025-yil yanvarida taqiqni 75 kunga kechiktirish to‘g‘risida farmon chiqardi.
2025-yil aprel oyida uni yana 75 kunga uzaytirdi. Iyun oyida Tramp TikTok’ning AQShdagi taqiqini uchinchi marta 90 kunga — 2025-yil 17-sentabrgacha kechiktirdi.
Iyul oyida OAVlar TikTok’ning AQShdagi egasi Oracle rahbarligidagi “xitoylik bo‘lmagan” investorlar guruhi bo‘lishi mumkinligi, ByteDance esa kompaniyada ozchilik ulushini saqlab qolishi haqida xabar bergan edi. O‘sha paytda AQSHda alohida TikTok ilovasini ishga tushirish rejalari ham ma’lum bo‘lgandi.
16-sentabr kuni AQSH Moliya vazirligi rahbari Skott Bessent Madriddagi muzokaralar yakuniga ko‘ra tomonlar TikTok bo‘yicha “asosiy” kelishuvga erishganini ma’lum qildi. Shundan so‘ng Tramp to‘rtinchi marta ijtimoiy tarmoq taqiqini 2025-yil 16-dekabrgacha kechiktirdi.
26-sentabr kuni Tramp TikTok bo‘yicha bitim to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. O‘shanda kompaniyaning Amerika biznesining qiymati $14 mlrd deb baholangan edi.
Avvalroq Donald Trampning o‘g‘li TikTokda top-menejer lavozimini egallashi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Qayd etilishicha, Berron Tramp ilovaning direktorlar kengashiga nomzod sifatida ko‘rilmoqda.
