Investitsiya vositachisi faoliyati to‘xtatib turilganda, depozitar operatsiyalar bo‘yicha harakatlar tartibi belgilandi. Bu haqdagi tegishli nizom Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Hujjatga ko‘ra, investitsiya vositachisining litsenziyasi to‘xtatib turilganda, u depozitar operatsiyalarni to‘xtatadi hamda bu haqida 2 ish kunida OAV va fond birjasining veb-saytida eʼlon qiladi.

Investitsiya vositachisi uning litsenziyasi tugatilganda yoki bekor qilinganda, deponentlarning hisobvaraqlaridan ko‘chirmalarni shakllantiradi. Faoliyati tugatilganligi to‘g‘risidagi xabarnomani deponentga yuboradi.

Deponent xabarnoma 1 hafta muddatda tugatilayotgan investitsiya vositachisiga o‘z qimmatli qog‘ozlarini boshqa investitsiya vositachisiga o‘tkazish to‘g‘risida topshiriq beradi.

Deponent tomonidan bunday topshiriq taqdim etilmaganda, investitsiya vositachisi qimmatli qog‘ozlarni Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysiga o‘tkazadi.

Tashkilot vaqtincha saqlash uchun topshirilgan qimmatli qog‘ozlarni 1 kun ichida deponent tanlagan investitsiya vositachisiga o‘tkazib berish orqali deponentlarga qaytaradi.


Avvalroq mahalliy kompaniya va banklarga xorijiy valyutada obligatsiya chiqarishga ruxsat berilishi aytilgandi.