Qimmatli qog‘ozlar bozorida investitsiya vositachisining faoliyati tartibga solindi. Bu haqdagi tegishli nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Unga ko‘ra, investitsiya vositachisi mijozning topshirig‘iga binoan, mijoz nomidan va uning hisobidan qimmatli qog‘ozlarga doir bitimlar hamda operatsiyalarni amalga oshiruvchi qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchisi hisoblanadi.
Investitsiya vositachisi qimmatli qog‘ozlar bozorida shartnoma asosida mijozlarga bir qator xizmatlarni ko‘rsatishi mumkin. Jumladan:
- mijozning nomidan va hisobidan brokerlik xizmatlari;
- o‘z nomidan, lekin mijozning hisobidan brokerlik xizmatlari;
- depozitar operatsiyalarni;
- anderrayterlik xizmatlarini;
- market-meykerlik xizmatlarini.
Investitsiya vositachilari emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarning joylashtirilmagan qismini sotib olish majburiyatini olib yoki olmagan holda emitent nomidan emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarni sotish to‘g‘risida shartnomalar tuzishi mumkin.
Investitsiya vositachisiga tegishli litsenziyasiz qimmatli qog‘ozlarga doir bitimlarni tuzish taqiqlanadi.
Shuningdek, mijozlar bilan ularning qonunchilikda belgilangan huquqlarini cheklovchi shartnomalar tuzmaslik lozim.
Taqiqlangan bitimlar yoki qonunchilik talablarining buzilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan bitimlarda ishtirok etish ham taqiqlanadi.
Bundan tashqari, qimmatli qog‘ozlar va ularga doir narxlar to‘g‘risida qasddan buzib ko‘rsatilgan axborotni taqdim etish orqali qimmatli qog‘ozlarni sotib olishga yoki sotishga undamaslik kerak.
Avgust oyida ILMA qimmatli qog‘ozlar bozoridagi huquqbuzarliklarni tekshirish uchun javobgar bo‘lishi belgilangandi.
Avvalroq depozitar operatsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha tartib belgilangandi.
