Dori vositalarini elektron retspet asosida berish dorilarning nojo‘ya ta’siri va asossiz yozib berilishini kamaytirishga qaratilgan. Bu haqda 23-dekabr kuni Qonunchilik palatasi majlisida Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov qayd etdi.
Yig‘ilishda O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Ma’rufjon Rahmonov elektron retsept tizimining joriy etilishi, undan aholining barcha qatlamlari, jumladan, keksalar va olis hududlarda yashovchi aholi foydalanishi uchun qanday imkoniyatlar yaratilgani hamda uzilishlar kuzatilganda tizim orqali dori xarid qilishda e’tirozlarning oldini olish uchun qanday choralar ko‘rilganini so‘radi.
“Juda dolzarb savol, buni kutgandim, chunki bir hafta, 10 kun davomida bu masala, ochig‘i, tushimizga ham kirib chiqdi. Bu juda xayrli ish, shu bilan birga, og‘riqli masala. Ko‘pchilik bizlarni ayblab yozdi: „Yevropa davlatlariga tenglasha olmaymiz“. Elektron retsept tizimining asosiy maqsadi dorilarning nojo‘ya ta’sirining oldini olishga qaratilgan”, — dedi Asilbek Xudoyorov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yilning o‘zida tez tibbiy yordamga dori vositalarini shifokor tavsiyalari va maqsadsiz qabul qilish bo‘yicha 24 mingdan ortiq, shu jumladan, Toshkentda 741 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 418 tasi anafilaktik shok, 7 017 tasi esa doridan zaharlanish holatlariga to‘g‘ri keladi.
Bundan tashqari, hisobot davrida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga 2 500 nafar bemor murojaat qilgan bo‘lib, shundan 1 500 nafari o‘z joniga qasd qilish maqsadida dori vositasini qabul qilganlar hisoblanadi. “Shifokor tavsiya qilmagan bo‘lsa, qayerdan oladi dorini? To‘g‘ri kelgan dorixonadan borib olishadi”, — dedi vazir.
Elektron retsept tizimi shifoxonalarda bepul dorilarni asossiz yozib berishni cheklaydi. Tizim orqali retseptni kim rasmiylashtirgani, qaysi dorilar berilgani va ularning qiymatini to‘liq kuzatish mumkin bo‘ladi.
Vazirga ko‘ra, tug‘uruqxonalarda davlat tomonidan bepul taqdim etiladigan 120 turdagi dori va tibbiy buyum mavjud bo‘lib, ularning 85 tasi (70%i) retsept asosida beriladi. Shunga qaramay, dori vositalari mavjud va budjet hisobidan ta’minlangan bo‘lsa ham, shifokorlar kafolatlangan paketdagi dorilarni bemorlarga yozib bergan.
Shuningdek, tizim shifokorlar va farmatsevtika kompaniyalari o‘rtasidagi korrupsion aloqalarni cheklaydi. Elektron retseptda dori vositalarining faqat xalqaro nomi ko‘rsatiladi, savdo nomini yozish esa cheklanadi. Bunda klinik protokollar asosida beshtagacha dori yozish mumkin, agar undan ortiq dori yoziladigan bo‘lsa, konsilium natijasida asoslantirish shart.
Elektron retsept tizimi ma’lumotlar bazasini shakllantirib, budjet tomonidan kafolatlangan qanday dorilarni ko‘proq xarid qilish zarurligini aniqlashga yordam beradi, reklamalar ta’siri kamayadi.
Bundan tashqari, elektr energiyasidagi uzilishlar va boshqa holatlarda tizimda axborot almashinuvi to‘xtasa, antibiotik va gormonal dorilardan tashqari qolgan vositalarni qog‘oz shaklidagi retsept bilan olish mumkin bo‘ladi. Tizim qayta tiklangandan keyin dori vositalari elektron bazaga kiritilishi kerak.
“Bu bo‘yicha buyruq chiqarishga majbur bo‘ldim. Sababi bu juda katta rezonansga aylandi, odamlar [tizimni] tushunmadi, dorixonachilar esa elektron retseptsiz beriladigan dorilarni ham „retseptsiz bermayman“, deb turib oldi. Ular ro‘yxat bilan yo tanishishgan yoki tanishishmagan”, — dedi Asilbek Xudoyorov.
Vazirning ta’kidlashicha, shunga qaramay, dorixona va shifoxonalarda o‘tkazilgan reydlar davomida aholining keskin noroziligi qayd etilmagan, faqat ayrim shikoyatlar kelib tushgan. “Biz o‘zimizga xulosa qildik, bu yo‘ldan qaytilmaydi. Lekin ehtiyotkorlik bilan amalga oshiramiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Dorilarning elektron retsept bilan berilishi
10-dekabrdan boshlab Toshkent shahri hamda tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladigan 15 ta tuman va shaharda “Elektron retsept” tizimi joriy etildi. Qolgan hududlarda 2026-yil yakunigacha ishga tushiriladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tizim bo‘yicha xavotirlarga javoban, ayrim bemorlar zarur dorilar bilan ta’minlanishini hamda retseptsiz beriladigan dori vositalarining bazaviy ro‘yxati shakllantirilganini bildirdi.
Undan keyin vazirlik talab yuqori bo‘lgan 389 ta retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxatini taqdim etdi. U bilan havola orqali tanishish mumkin. Dorilarning savdo nomlari bu yerda keltirilgan. Shuningdek, qaysi dori vositalari retsept asosida yoki retseptsiz sotilishini Yagona portal orqali ham bilib olish mumkin.
Tizim serverlari Sog‘liqni saqlash vazirligining Raqamli sog‘liqni saqlash markazi tomonidan 24/7 rejimida kuzatib borilmoqda. Shuningdek, murojaatlar @ssv_pilotbot Telegram boti hamda 1003 qisqa raqamli “Call-markaz” orqali qabul qilinadi.
