Centrum Air xususiy aviakompaniyasi to‘liq loukoster modeliga o‘tishni rejalashtirmoqda. Bu haqda vaziyatdan xabardor manba Spot’ga ma’lum qildi.

Dekabr oyining boshida Centrum Air lizing beruvchi AerCap Holdings N.V. bilan ikkita yangi Airbus A321neo samolyotini lizingga olish bo‘yicha shartnoma imzolaganini e’lon qilgandi. Laynerlarni yetkazib berish 2027-yilning to‘rtinchi choragiga rejalashtirilgan.

Joriy haftada xususiy aviakompaniyaning havo floti yana bir Airbus A321−251 NEO samolyotini to‘ldirishi ma’lum bo‘ldi.

Ayni paytda Centrum Air xususiy aviakompaniyasining havo flotida 13 ta samolyot mavjud: yettita Airbus A320, uchta A321 va uchta A330−300. Havo parkining o‘rtacha yoshi 12,5 yilni tashkil etadi.

Centrum Air My Freighter yuk tashuvchi aviakompaniyasi asoschilari tomonidan yaratilgan. 2023-yil yanvar oyida u yo‘lovchi tashish uchun ruxsatnoma oldi, shuningdek, o‘zining dastlabki ikkita Airbus A320−232 samolyotini sotib oldi. Fevral oyida aviatashuvchi Toshkentdan Farg‘onaga birinchi reysni amalga oshirdi.

Centrum Air bosh direktori Huseyn Sherif Spot‘ga bergan intervyusida bu yil oxirigacha aviakompaniya bitta Airbus A330 kelishini kutayotganini aytdi.

2026-yilda tashuvchi yana 8 ta samolyot — 6 ta Airbus A320ceo va 2 ta A320neo qo‘shishni rejalashtirmoqda. Bortlar bo‘yicha shartnomalarning katta qismi allaqachon imzolangan, qolganlari bo‘yicha muzokaralar yakunlanmoqda.

2027-yilda yana 10 ta samolyot kelishi kutilmoqda: 4 ta Airbus A321neo va 6 ta A320neo. Baʼzi shartnomalar allaqachon tuzilgan, qolganlari yakuniy bosqichda. 2027-yil oxiriga kelib Centrum Air havo floti 38 ta yo‘lovchi samolyotidan iborat bo‘ladi.

Avvalroq Spot Centrum Air 2027-yilda beshta Airbus A320neo samolyotini olishi haqida yozgandi.