O‘zbekistonda yangi “Centrum Air” yo‘lovchi aviakompaniyasi tashkil etilmoqda, deya xabar berdi “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati.

18-yanvar kuni Vilnyusdan Toshkentga aviatashuvchining birinchi samolyoti yetib keldi. Soat 19:07 va 19:18 da ikkita Airbus A320−232 samolyoti poytaxt aeroportiga qo‘ndi.

Ma’lum qilinishicha, yaqin kelajakda aviatashuvchi yana bir yo‘lovchi borti Boeing 737ni sotib olishni rejalashtirmoqda.

“Aerospace Lad” Telegram-kanali xabariga ko‘ra, “Centrum Air” “Uzbekistan Airways"ning havo yuklarini tashish boʻyicha bosh agenti “My Freighter” tomonidan yo‘lovchilar uchun sho‘ba korxona sifatida tashkil etilgan.

2022-yil oktabr oyida “My Freighter” kompaniyasi birinchi shaxsiy samolyoti Boeing 747−200 samolyotini sotib oldi. Bungacha u “Uzbekistan Airways"ning ijaraga olingan havo kemalaridan foydalangan.

“My Freighter” 2019-yilda tashkil etilgan. Ustav kapitali $6 mlrd 420 mln soʻm boʻlgan kompaniya taʼsischilari Hafizjon Gʻofurov va Abdulaziz Abdurahmonov hisoblanadi.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda uchta xususiy yo‘lovchi aviakompaniya faoliyat yuritadi.

“Qanot Sharq” aviakompaniyasi

“Qanot Sharq” aviakompaniyasi 2021-yil sentabr oyidan parvozlarni amalga oshirib kelmoqda.

2022-yil 21-iyuldan boshlab “Qanot Sharq” aviakompaniyasi Sankt-Peterburg-Samarqand yoʻnalishi boʻyicha qatnovlarni boshlagandi.

Joriy yil avgust oyida aviakompaniya ikkita yangi Airbus A321neo samolyotini lizingga oldi.

Shuningdek, “Qanot Sharq” Toshkent-Farg‘ona-Moskva yo‘nalishida qatnovlarni yo‘lga qo‘ydi. Parvozlar shanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.


“Air Samarkand”

Noyabr oyida “Spot” Adliya vazirligining “Intellektual Mulk” ma’lumotlar bazasida “Air Samarkand” tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza paydo bo‘lgani haqida xabar bergandi.

Shuningdek, “Air Samarkand” aviakompaniyasi ham 14-dekabr kuni taqdimoti bo‘lib o‘tgan reyslarni yo‘lga qo‘yishga hozirlik ko‘rmoqda.

U Samarqanddan Rossiya va Yaqin Sharqning 14 ta shahri, shuningdek, Hindistonga reyslarni yoʻlga qoʻyishni rejalashtirmoqda.


“Silk Avia” aviakompaniyasi

“Uzbekistan Airports” tomonidan xususiylashtirish istiqboli bilan yana bir aviakompaniya — “Silk Avia” tashkil etildi.

Aviakompaniya 2025-yilgacha 70 yo‘lovchini sig‘dira oladigan 10 ta ATR 72−600 samolyotlarini xarid qiladi.

Kompaniya O‘zbekiston ichida arzon parvozlarga e’tibor qaratadi va ATR 72−600 rusumli beshta samolyotda aviatashuvlarni amalga oshiradi.

12-dekabr kuni “Silk Avia” kompaniyasining birinchi samolyoti texnik qabuldan o‘tkazildi. Hozirda samolyotni Toshkentga olib kelish bo‘yicha zarur eksport sertifikati tayyorlanmoqda.


“Panorama Airways”

“Panorama Airways” xususiy aviakompaniyasi 2021-yilda tashkil etilgan bo‘lib, 2022-yilning kuzida havo kemasi ekspluatatori sertifikatini oldi.

22-dekabr kuni “Panorama Airways” ilk tijoriy reysni amalga oshirdi. Yangi aviatashuvchining birinchi tijoriy parvozi Toshkent-Urganch-Toshkent yo‘nalishida bo‘ldi.

Aviakompaniya O‘zbekiston, shuningdek, BAA, Isroil, Saudiya Arabistoni, Rossiya, Janubiy Koreya va boshqa davlatlarga yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanishni rejalashtirmoqda.