21-iyuldan boshlab “Qanot Sharq” aviakompaniyasi Sankt-Peterburg — Samarqand yoʻnalishi boʻyicha qatnovlarni boshlaydi. Bu haqda Pulkovo aeroporti matbuot xizmati xabar bermoqda.

Parvozlar haftada bir marta — payshanba kunlari amalga oshiriladi.

  • Sankt-Peterburgdan soat 4:45 da uchgan samolyot Samarqandga soat 11:15 da yetib boradi;
  • Samarqand aeroportidan soat 00:25 da yoʻlga chiqqan samolyot soat 03:15 Pulkovoga yetib boradi.

Har bir aeroport uchun belgilangan vaqt mahalliy hisoblanadi.

Parvozlar “Airbus A320” samolyoti orqali amalga oshiriladi. Havo kemasining sigʻimi 174 oʻrinni tashkil etadi.

Bundan tashqari, “Uzbekistan Airways” tomonidan seshanba va shanba kunlari Pulkovo aeroportidan Samarqandga parvozlar amalga oshiriladi.

Avvalroq “Qanot Sharq” Toshkentdan Sochiga aviaqatnovlarni joriy etgan edi.