Avvalroq prezidentning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi bo‘lib o‘tgani haqida xabar berilgandi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tahliliga ko‘ra, sifatli yo‘llar iqtisodiyotning kamida 2% o‘sishiga turtki beradi.
Avtomobil yo‘llarining sifatini yaxshilash, tranzit salohiyatini yana-da oshirish maqsadida besh yillik dastur amalga oshiriladi.
Bunda Andijon bilan Qo‘ng‘irotni, Toshkent bilan Termizni, Samarqand bilan Shahrisabzni, Olot bilan Sariosiyoni bog‘laydigan, uzunligi 4 ming kilometr magistral yo‘llar xalqaro talablarga mos “avtoban"larga aylantiriladi.
2026-yilning o‘zida Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo hududidan o‘tgan umumiy foydalanishdagi 300 kilometr yo‘llarda rekonstruksiya ishlari yakunlanadi.
Toshkent-Samarqand, Toshkent-Andijon, Toshkent-Bo‘stonliq, Pung‘on-Namangan va Qarshi-Shahrisabz yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan 800 kilometr yo‘llar qurilishi boshlanadi.
Endi yo‘llarni loyihalashtirishda aholining fikri, transport qatnovining atrof-muhitga ta‘sirini inobatga olish, piyodalar uchun “to‘siqsiz” muhit yaratish bo‘yicha qat‘iy talablar qonun darajasida mustahkamlanadi.
Pulli yo‘llar
O‘zbekistonda pullik yo‘llar masalasi 2018-yildan beri muhokama qilinmoqda. O‘sha paytda Germaniyaning GP Günter Papenburg kompaniyasi birinchi pulli harakatli yo‘l loyihasini ishlab chiqishga jalb etilgan edi. Spot ushbu mavzu bo‘yicha voqealar xronikasini eʼlon qilgandi.
2019-yil fevralida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi (O‘zavtoyo‘l) “Pulli avtomobil yo‘llari to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqdi. Unda yo‘l haqi miqdorini belgilash mexanizmlari va to‘lovni undirish usullari ko‘rsatilgan edi. Hujjat jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi, biroq qabul qilinmadi.
2024-yil qishida pulli avtomagistrallarni tartibga soluvchi alohida qonun qabul qilinishi rejalashtirilayotgani haqida yana gap ketdi. Strategik islohotlar agentligi direktori Bahodir Rahmatov mazkur hujjat pulli yo‘llarni qurish va ulardan foydalanish uchun huquqiy asos yaratishini, shuningdek, to‘lov va uning taqsimlanishini tartibga solishni belgilab berishini taʼkidladi.
So‘nggi yillarda Toshkent-Samarqand va Toshkent-Andijon yo‘nalishlari bo‘yicha ikkita pulli yo‘l loyihasi muhokama qilinmoqda. Ikkinchisining qiymati bir necha bor qayta ko‘rib chiqildi: 2022-yil bahorida qurilish $2,83 mlrdga, 2024-yilda esa $4,65 mlrdga baholandi. Poytaxtdan Samarqandgacha bo‘lgan yo‘l esa $1,4 mlrdga baholangan edi.
Transport vazirligi joriy yilning yanvarida Toshkent — Andijon yo‘li loyihasining birinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha tender eʼlon qildi. Unga Toshkent — Angren — Qamchiq dovoni qismini loyihalashtirish, qurish, moliyalashtirish va xizmat ko‘rsatish kiradi. Arizalar qabul qilish muddati ikki marta uzaytirildi.
Mart oyida prezidentga Toshkent — Samarqand avtomobil yo‘lining texnik-iqtisodiy asoslarini yaratish bo‘yicha ishlar yakunlangani haqida maʼlumot berildi. Uzunligi taxminan 300 kilometr bo‘lgan magistral yo‘l safar vaqtini uch soatgacha qisqartiradi va mavjud yo‘lga tushadigan yukni kamaytiradi.
Avvalroq 2026-yilda aviaparkdagi samolyotlar soni 120 taga yetkazilishi aytilgandi.
