30-dekabr soat 09:00 dan boshlab O‘zbekiston hududidagi barcha metan “zapravka"lar 24 soatlik ish rejimida faoliyat yuritadi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

“Shuni inobatga olgan holda, avtotransport vositalari egalari yoqilg‘i quyishni ertadan boshlab kun davomida, shu jumladan tungi soatlarda ham o‘zlariga qulay vaqtlarda, navbatlarni yuzaga keltirmagan holda amalga oshirishlari mumkin”, — deyiladi xabarda.

11-dekabr kuni Energetika vazirligi metan “zapravka"lar faoliyatiga vaqtincha cheklovlar kiritilishini xabar qilgandi. Bunga qo‘shni davlatdagi gaz tarmog‘ida kuzatilgan texnik nosozlik tufayli import qilinayotgan tabiiy gaz qisqargani sabab sifatida ko‘rsatilgan.

Birinchi navbatda aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan barqaror ta‘minlash mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan reja-grafiklarga asosan metan “zapravkalar” faoliyatiga vaqtincha cheklov kiritildi.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov avariya oqibatida O‘zbekistonda 6 mln kub metr gaz taqchilligi yuzaga kelganini ma’lum qildi. Vaziyatni bartaraf etish uchun qo‘shni mamlakatlar bilan birgalikda ishlar tashkil etilgan.

Undan keyin, hududlarda faoliyati cheklangan metan “zapravka"lar ish vaqti maʼlum qilindi. AGTKSHlar faoliyatiga kiritilgan cheklovlar bois ko‘plab hududlardagi “zapravka"larda ish grafiklari o‘zgardi. 22-dekabrdan buyon barcha metan “zapravkalar” belgilangan vaqtlarda ishlayotgandi.

Avvalroq sovuq ob-havo sababli Toshkentda avtobuslar uchun metan “zapravka"lar soni qisqartirilgani haqida xabar berilgandi. Toshshahartransxizmat zapravkalarda avtobuslar navbatda turib qolayotganini yo‘l uzaygani, gaz iste’moli oshgani hamda magistral quvurlarda bosim pasaygani bilan izohladi.