Prezident 2026-yil uchun soliq va budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlariga doir o‘zgartishlarni nazarda tutuvchi qonunni imzoladi.

Hujjat bilan, yuridik shaxslar uchun mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha imtiyozlar shartlari qatʼiylashtirildi.

Endi imtiyozlar faqat bir yil yakunlari bo‘yicha bir nechta shart bir vaqtning o‘zida bajarilgandagina qo‘llaniladi. Jumladan:

  • tovar va xizmatlarni sotishdan olingan daromad soliq imtiyozlari miqdoridan oshishi kerak;
  • xodimlarning o‘rtacha yillik soni kamida 3 kishini tashkil etishi lozim;
  • har bir xodimning minimal ish haqi kamida 2 MHTEKM (2,542 mln so‘m) bo‘lishi shart.

Shartlarga moslikni baholash uchun kompaniyaning aniqlashtirilgan soliq hisoboti, u bo‘lmagan taqdirda esa oldingi 12 oy davomida tovar va xizmatlarni sotish bo‘yicha aylanma to‘g‘risidagi ma‘lumotlar qo‘llaniladi.

Yangi talablardan quyidagi turdagi yuridik shaxslar mustasno qilinadi:

  • budjet va notijorat tashkilotlar;
  • to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi kompaniyalar;
  • mahsulotni taqsimlash to‘g‘risidagi bitimlar (MTB) ishtirokchilari;
  • 2026-yil 1-yanvargacha maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchisi bo‘lgan yuridik shaxslar;
  • imkoniyati cheklangan shaxslar birlashmalari tomonidan ta‘sis etilgan kompaniyalar, ularning xodimlarining kamida yarmi nogironligi bo‘lgan shaxslar bo‘lib, ish haqi fondining 50% dan ortig‘ini olishlari shart.

Agar kompaniya soliq davri mobaynida tashkil etilgan bo‘lsa, unga imtiyozlarni qo‘llash shartlari keyingi soliq davri (yil) oxiridan boshlab amal qiladi. Biroq yuridik shaxs qayta tashkil etilgan holda shartlar darhol kuchga kiradi.

Bundan tashqari, prezident qarorlari bilan foyda solig‘i bo‘yicha imtiyozlar berish shartlari o‘zgardi. Endi ular 3 yilgacha muddatga faqat asosiy vositalar uchun tezlashtirilgan amortizatsiya tartibidan foydalanish huquqi ko‘rinishida beriladi.

Spot, avvalroq, 2026-yildan eng yaxshi soliq to‘lovchi mahallalar 2 mlrd so‘mgacha rag‘batlantirilishi haqida yozgandi.