Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Asakabank aksiyalarining 15% ini sotib oladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

O‘zbekiston hukumati nomidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi, YTTB va Asakabank o‘rtasidagi hamkorlikni institutsional jihatdan mustahkamlash maqsadida Asakabank’ni xususiylashtirishning asosiy tijorat shartlarini belgilab beruvchi Term Sheet imzolandi.

Hujjat bilan YTTB Asakabank aksiyalarining 15% ini sotib olishi ko‘zda tutilgan. Kelishilgan shartlar, shu jumladan, tranzaksion, tartibga soluvchi va korporativ-huquqiy talablar belgilangan tartibda to‘liq bajarilganidan so‘ng 2026-yilda YTTBning Asakabank aksiyadorlari tarkibiga kirishi belgilanmoqda.

Asakabankni xususiylashtirish doirasida YTTB bilan hamkorlik quyidagi asosiy yo‘nalishlarni qamrab oladi:

  • korporativ boshqaruv sifatini oshirish va bank faoliyatining shaffofligini kuchaytirish;
  • xatarlarni boshqarish va ichki nazorat tizimlariga xalqaro standartlarni joriy etish;
  • bankning kapital bazasi va operatsion barqarorligini mustahkamlash;
  • barqaror, bozor tamoyillariga asoslangan va tijorat maqsadlariga mos rivojlanish modelini shakllantirish;
  • xususiylashtirishning keyingi bosqichlari oldidan bankning investitsion jozibadorligini oshirish.

“Mazkur loyihaning amalga oshirilishi davlat aktivlaridan foydalanish samaradorligini oshirish, xalqaro investorlarning O‘zbekiston moliya bozoriga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash hamda mamlakatning raqobatbardosh va barqaror bank sektorini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

2024-yil may oyida Iqtisodiyot va moliya vazirligi va YTTB Asakabank’ni sotishga tayyorlash to‘g‘risida bitim imzoladi. YTTB tavsiyalar, tajriba almashish, texnik yordam ko‘rsatish shaklida xususiylashtirishdan oldin zarur yordam ko‘rsatishni, shuningdek, davlat bankining aksiyadorlik kapitaliga xususiylashtirishdan oldin investitsiya kiritish imkoniyatini ko‘rib chiqishni rejalashtirgan edi.

Avvalroq Mobiuz mobil operatorini sotib olishga 3 ta xorijiy kompaniya da’vogarlik qilayotgani haqida xabar berilgandi.