Uzbekistan Airways O‘zbekiston bo‘ylab parvozlarda aviachiptalardan foydalanishning yangi qoidalarini joriy etdi. Bu haqda milliy aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zgartirishlar yo‘lovchi tomonidan aviachiptada ko‘rsatilgan yo‘nalish ketma-ketligini buzish holatlariga ta’sir qiladi hamda yangi qoidalar 2026-yilning yanvaridan boshlab kuchga kiradi.

Yo‘lovchini tashish shartnomasi aviachiptada ko‘rsatilgan yo‘nalish ketma-ketligida, birinchi jo‘nash punktidan boshlab amalga oshirilishi kerak.

Agar yo‘lovchi parvozning birinchi yoki undan oldingi qismidan foydalanmasa, Uzbekistan Airways keyingi barcha yo‘nalish qismlari uchun bronni bekor qilmaydi. Yo‘lovchi chiptada ko‘rsatilgan qolgan yo‘nalish bo‘yicha parvozni davom ettirishi mumkin.

Bunday hollarda, chiptani to‘lash uchun qo‘llanilgan tarif turidan qat’i nazar, foydalanilmagan qismlarning qiymati qaytarilmaydi. Faqat foydalanilmagan parvoz qismlari uchun aeroport yig‘imlari qaytarilishi mumkin.

Foydalanilmagan parvoz qismlariga ega chiptalar qayta rasmiylashtirish uchun qabul qilinmaydi.

Xalqaro reyslar uchun standart qoidalar amal qiladi. Agar yo‘lovchi yo‘nalishning birinchi yoki undan oldingi qismiga kelmasa, keyingi barcha yo‘nalishlar uchun bron ogohlantirishlarsiz avtomatik ravishda bekor qilinadi. Yo‘lovchi chiptani qayta rasmiylashtirishi yoki qaytarishi mumkin.

Raqobat qo‘mitasi Uzbekistan Airways’ga avgust oyida ichki yo‘nalishlarda tashish qoidalarini o‘zgartirishni buyurdi. Eski tartibga ko‘ra, agar yo‘lovchi “borish-kelish” chiptasini sotib olib, birinchi reysga kechiksa va manzilga boshqa transportda yetib borsa, uning qaytish chiptasi haqiqiy emas deb topilgan.

Avvalroq Spot Centrum Air xususiy aviakompaniyasi loukoster modeliga o‘tayotgani haqida yozgandi.