Termiz shahridagi avtobuslarda 2026-yildan naqd pulda to‘lov qabul qilish bekor qilindi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Yo‘lovchilar yo‘l haqini istalgan bank kartalari yoki elektron to‘lov chiptalari orqali amalga oshirishlari mumkin. Shuningdek, infokiosklar orqali bir martalik elektron chipta xarid qilish imkoniyati bor.
Buning uchun infokiosk qidiruv bo‘limiga “avtobus” so‘zi kiritilib, “Avtobus QR chipta” bo‘limi tanlanadi. Telefon raqam va to‘lov summasi kiritilgandan so‘ng, chipta shakllantiriladi.
Bir martalik chipta avtobusning old qismida joylashgan validator orqali skaner qilinib, to‘lov amalga oshiriladi.
Infokioskdan chipta chiqmay qolsa, uning rasmini validatorga skaner qilish orqali ham to‘lash mumkin.
Infokiosklar qaytim pul bermaydi. Ortiqcha kiritilgan mablag‘lar esa yo‘lovchining telefon raqamiga o‘tkazib beriladi.
Chiptalar narxi bo‘yicha maʼlumot berilmadi.
2025-yildan boshlab Toshkent shahrida avtobuslarda naqd pul qabul qilish to‘xtatildi. Hozirda to‘lovlar faqat elektron qabul qilinmoqda.
Mart oyida poytaxtda avtobuslarda chiptasiz harakatlangan yo‘lovchilarga jarima qo‘llanila boshlandi. Joriy yilning 11 oyi davomida 19 632 ta qoidabuzarlik holati aniqlanib, yo‘l haqini to‘lamasdan harakatlangan yo‘lovchilarning har biri BHMning 10%i (41 200 so‘m) miqdorida jarimaga tortildi.
Avvalroq Andijonda jamoat transporti narxi oshirilishi aytilgandi.
