2025-yilda Toza makon yagona billing tizimi doirasida chiqindi tashish xizmatlari mahallalarning 87%ini qamrab oldi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish agentligi matbuot kotibi Dilnoza Komilova ma‘lum qildi.

Tizim mamlakat bo‘yicha ro‘yxatga olingan 9452 ta mahalla fuqarolar yig‘inidan 8105 tasida sanitar tozalash xizmati ko‘rsatilishini kuzatib bordi. Bu hududlarda jami 23,9 mln kishi — O‘zbekiston aholisining 64%i istiqomat qiladi.

Yil yakuniga ko‘ra, o‘zbekistonliklar chiqindi tashish xizmatlari uchun 1 trln 304 mlrd so‘m to‘ladi, bu jami hisoblangan to‘lovlarning (1 trln 454 mlrd so‘m) 90%ini tashkil etadi. O‘tgan yillarni hisobga olgan holda umumiy debitorlik qarzi 622,7 mlrd so‘mga yetdi.

Shu bilan birga, Toza makon tizimidan amalda ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun 211,9 mlrd so‘mlik qarzdorlik chiqarib tashlandi.

Billing tizimidagi abonentlarning umumiy soni 7,3 mlnga yetdi. Ularning 98,1%i kadastr raqami va 91,6%i jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR) orqali tizimga kiritildi.

1-dekabr holatiga ko‘ra, sanitar tozalash sohasiga kiritilgan xususiy investitsiyalar hajmi 386,5 mlrd so‘mni tashkil etdi. Korxonalar 384 ta maxsus texnika, 5,7 ming dona konteyner, 4 ta saralash kompleksi va 16 ta chiqindilarni qayta ishlash qurilmasi sotib oldi, shuningdek, 33 ta yangi chiqindi yig‘ish maydonchalarini barpo etdi.

Yil davomida 830 ta chiqindi yig‘ish maydonchasi va 714 ta yuk mashinasiga kuzatuv kameralari o‘rnatildi. Bundan tashqari, mamlakatda faoliyat yuritayotgan chiqindi tashish mashinalarining 95%i (3419 tadan 3230 tasi) ularning ishini kuzatish uchun GPS-trekerlar bilan jihozlandi.

O‘zbekiston bo‘yicha sanitar tozalash korxonalarining o‘rtacha samaradorlik ko‘rsatkichi 55,5%ni tashkil etdi. 113 ta tashkilotdan 30 tasi “yashil”, 57 tasi “sariq” va 28 tasi “qizil” toifaga kiritildi.

14 ta korxona yarim yildan buyon “qizil” toifada qolmoqda. Shundan 5 tasi Andijon viloyatida, yana shunchasi Qashqadaryoda, 2 tasi Farg‘onada, bittadan Namangan va Surxondaryo viloyatlarida joylashgan.


1-noyabrdan Toshkentda chiqindi chiqarish bo‘yicha to‘lanmagan qarzi bor bo‘lganlarga elektr energiyasi uchun to‘lovlarga cheklovlar joriy etildi. Birinchi haftada taxminan 25,1 ming kishi 2,24 mlrd so‘mlik qarz haqida xabarnoma oldi, shulardan 5 kunlik muddat tugaganidan so‘ng 6 ming abonentga cheklovlar qo‘llanildi.

Yangi tizim dekabr oyida butun O‘zbekiston bo‘ylab ishga tushdi. O‘shanda 231 ming abonent “Hududiy elektr tarmoqlari"dan 20,1 mlrd so‘mlik qarz to‘g‘risida ogohlantirish olgan bo‘lib, shundan dastlabki besh kun ichida 9,4 mlrd so‘mi to‘landi.

Cheklovlar faqat 2025-yil 1-iyuldan boshlab to‘planib qolgan chiqindi chiqarish qarzlariga taalluqli bo‘lib, bu sanagacha bo‘lgan qarzlarga ta‘sir qilmaydi. Qarzdorlar haqidagi ma‘lumotlar har oyning 3-sanasigacha Toza Makon tizimidan HET Billing tizimiga uzatiladi.

Avvalroq avtomobillar uchun ekostikerlarni onlayn olish imkoni yaratilgandi.