O‘zbekistonda chiqindi xizmatidan qarzdor 205 mingga yaqin abonentning elektr to‘loviga vaqtincha cheklov o‘rnatildi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish agentligi xabar berdi.
6-dekabr holatiga ko‘ra, elektr uchun to‘lov qilish imkoniyatiga vaqtincha cheklangan abonentlar soni 204 895 tani tashkil etadi.
Bungacha umumiy 20,1 mlrd so‘m debitor qarzdorlik uchun jami 231 014 ta abonent SMS-xabarnoma orqali ogohlantirilgan edi.
Shundan so‘ng, abonentlarga mavjud qarzdorligini bartaraf etish uchun 5 kun muddat berilib, bu vaqtda jami 9,4 mlrd so‘mlik to‘lovlar amalga oshirildi.
Ayni paytda chiqindi xizmatlaridan mamlakat kesimida jami 18,2 mlrd so‘m debitor qarzdorlik mavjud.
Joriy yilning 1-avgustidan chiqindi xizmatlaridan qarzdor fuqarolarning elektr energiyasi uchun to‘lovlariga cheklov o‘rnatila boshlandi. Endi chiqindi xizmatlaridan qarzdor abonentlarga har oyning 5-sanasigacha SMS-xabarnoma yuborilib, qarzdorlikni bartaraf etish uchun 5 kun beriladi. Bu muddat ichida mavjud qarzdorlik to‘lanishi lozim. Qarzdorlik bartaraf etilmasa, elektr uchun to‘lov qilish vaqtinchalik cheklanadi va bu qarzdorlik bartaraf etilishi bilan avtomatik tarzda yechiladi.
Noyabr oyidan boshlab Toshkentda Hududiy elektr tarmoqlari chiqindi tashish bo‘yicha to‘lanmagan qarzi bor abonentlar uchun elektr energiyasiga to‘lovni qabul qilishni cheklay boshlagandi. Yangi tartib dekabrdan butun O‘zbekiston bo‘ylab amal qilishi belgilangandi.
2026-yildan chiqindi xizmatlari uchun to‘lovlar faqat onlayn qabul qilinadi. Jismoniy va yurdik shaxslar qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqish xizmatlari uchun to‘lovlarni billing va elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi.
Avvalroq Toshkent viloyatida 5 ta chiqindi tashish korxonasi iste’molchilardan 8,8 mlrd so‘m asossiz undirgandi.
