Maftuna Xasanova 2001-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U 2023-yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Xalqaro munosabatlar fakulteti, siyosatshunoslik yo‘nalishini imtiyozli diplom bilan tamomlagan. 2024-yilda esa El-yurt umidi davlat grantini qo‘lga kiritib, o‘z ilmiy faoliyatini xalqaro miqyosda davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Hozirda Maftuna Avstraliyaning Melburn universitetida “development studies” (taraqqiyot tadqiqotlari) yo‘nalishi bo‘yicha magistratura bosqichida grant asosida tahsil olmoqda.

Maftuna Spot’ga nega aynan Avstraliyani tanlagani, universitetda talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar hamda oliygohga qabul qilinish jarayonidagi tajribasi haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, suhbat davomida mamlakatdagi yashash xarajatlari va Avstraliyaning o‘ziga xos “teskari fasllar” iqlimiga moslashish qiyinchiliklari haqida to‘xtalib o‘tdi.


Nima sabab Avstraliya?

To‘g‘risini aytganda, Avstraliyada o‘qish hech qachon na xayolimda, na rejamda bo‘lgan. Hammasi El-yurt umidi jamg‘armasi stipendiati bo‘lganimdan keyin birdaniga o‘zgarib ketdi.

Aslida tanlovga Buyuk Britaniya va Irlandiya universitetlarining qabul xatlari bilan hujjat topshirgandim. Ammo tanlov natijalari kech e’lon qilingani sababli, nafaqat men, balki ko‘plab boshqa stipendiatlar ham rejalarini o‘zgartirishiga to‘g‘ri keldi.

Britaniyadagi o‘qish muddatlariga ulgurmaganim uchun bahorgi semestrga qabul ochiq bo‘lgan davlatlarni izlay boshladim. Shu jarayonda Avstraliyadagi Melburn universiteti eng ma’qul variant sifatida e’tiborimni tortdi.

Foto: Maftuna Xasanovaning shaxsiy arxividan

Bu universitet meni bir necha sabablar bilan o‘ziga jalb qildi: birinchidan, men xohlagan yo‘nalish aynan shu yerda mavjud edi. Ikkinchidan, universitet dunyodagi eng kuchli 20 ta oliygoh qatoriga kiradi. Uchinchidan, bu yerda tadqiqot muhiti va sifati juda yuqori. Shu bois hujjatlarimni topshirdim, qabul xatini oldim va taqdir meni kutilmaganda Avstraliya sari yetakladi.

Avstraliya aslida o‘zbekistonlik talabalar va migrantlar uchun hali to‘liq kashf etilmagan, imkoniyatlarga boy “yangi davlat” hisoblanadi. Bu yerda hayot tarzi, ta’limga yondashuv va ijtimoiy muhit Yevropa yoki AQSHdan sezilarli darajada farq qiladi. Shu sababli u talaba sifatida menga mutlaqo yangi imkoniyatlar va bilimlarni taqdim etmoqda.

El-yurt umidi jamg‘armasi granti haqida

Men 2024-yilda aynan shu jamg‘arma stipendiatiga aylanganman.

Jamg‘arma nizomga ko‘ra, tanlovlar yilda ikki marta o‘tkaziladi. Tanlovning aniq vaqti sharoitga qarab o‘zgarishi mumkin: masalan, 2025-yilgi ochiq stipendiya tanlovlari iyun va noyabr oylarida bo‘lib o‘tdi.

Hujjatlar onlayn platformaga bir oy davomida yuklanadi. Asosiy talablar:

  • Til sertifikati: bakalavr uchun IELTS kamida 6.0, magistratura uchun kamida 7.0 ball (shartsiz qabul xati bo‘lsa, til sertifikati shart emas).
  • Universitet: dunyo reytingida Top-300 talikka kiruvchi xorijiy OTMdan qabul xati.
  • Ish staji: magistratura uchun kamida 1 yil, doktorantura uchun esa 2 yil mehnat staji talab etiladi.
  • Imtiyoz: agar xorijiy universitetdan 50% yoki 100% grant yutgan bo‘lsangiz, jamg‘armaga imtihonsiz kvota orqali hujjat topshirishingiz mumkin.

Saralash bosqichida komissiya a’zolari nomzodning hujjatlari va yutuqlarini o‘rganadi:

  1. Test sinovi (61 ball — o‘tish bali): IQ, tahliliy-ijodiy qobiliyat va psixologik barqarorlik bo‘yicha jami 40 ta savol beriladi (SAT, GRE yoki GMAT sertifikati borlar bu bosqichdan ozod qilinadi).
  2. Suhbat: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida o‘tkaziladi. Bunda asosiy e’tibor nomzodning dunyoqarashi, qadriyatlari, xorijda o‘qishdan ko‘zlagan maqsadlari, tanlagan yo‘nalishi bo‘yicha bilim va ko’nikmalari hamda orttirgan tajribasini kelajakda O‘zbekistonda qanday qo‘llamoqchi ekanligiga qaratiladi.

avstraliya, maftuna xasanova, xorijda ta’lim

2024-yil. Toshkent, El-yurt umidi jamg‘armasi granti taqdirlash marosimidan. Foto: Shaxsiy arxiv

Motivatsion esse — eng muhim qism. Barcha bosqichlarda motivatsion esse katta rol o‘ynaydi. Unda nafaqat yutuqlaringiz, balki o‘qishni bitirib qaytgach, O‘zbekiston rivojiga qanday aniq foyda keltirishingiz va sohangizda qanday yangiliklar qilishingizni isbotlab berishingiz kerak.

Suhbat jarayonida 61 balldan yuqori to‘plagan nomzodlar rasman jamg‘arma stipendiati deb e’lon qilinadi va ularning xorijda o‘qish, yashash va safar xarajatlari to‘liq moliyalashtiriladi.

Jamg‘arma tomonidan qoplanadigan xarajatlar ro‘yxati:

  • o‘quv to‘lovlari: bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlari uchun kontrakt mablag‘lari;
  • xorijga chiqish uchun viza rasmiylashtirish bilan bog‘liq barcha to‘lovlar;
  • talabaning xorijda ta’lim olish davri uchun tibbiy sug‘urta;
  • ta’lim olish joyiga borish va qaytib kelish uchun barcha turdagi transport vositalari uchun chiptalar (bir o‘quv yilida bir marta);
  • turar-joy ijarasi va kundalik ehtiyojlar uchun mablag‘lar to‘rt tomonlama shartnomada belgilangan muddatlarda;
  • zaruriy darsliklar va ilmiy adabiyotlarni xarid qilish uchun ham mablag‘ ajratiladi;
  • boshqa xarajatlar: jamg‘arma Boshqaruv kengashi qaroriga ko‘ra, o‘qish bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan qo‘shimcha xarajatlar ham qoplanishi mumkin.

Viza olish jarayoni

Viza olish jarayoni butunlay onlayn amalga oshiriladi. Barcha kerakli hujjatlar maxsus platformaga ImmiAccount orqali yuklanadi.

Mening holatimda bitta noqulaylik bo‘lgan ya’ni viza natijasini juda uzoq kutishga majbur bo‘lganman. Buning asosiy sababi hujjatlarimni topshirish jarayoni aynan dekabr oyiga ya’ni bayramlar vaqtiga to‘g‘ri kelgani bo‘ldi. Avstraliyada bu paytda Rojdestvo bayrami nishonlanib, hamma juda erta ta’tilga chiqadi. Shu sababli jarayon cho‘zilib ketgan.

avstraliya, maftuna xasanova, xorijda ta’lim

Foto: Shaxsiy arxiv

Viza uchun kerakli asosiy hujjatlar:

  • Letter of offer — universitetdan olingan qabul xati.
  • Confirmation of enrollment (CoE) — universitetda ro‘yxatdan o‘tganingizni tasdiqlovchi rasmiy hujjat.
  • IELTS sertifikati — ingliz tili darajasini ko‘rsatuvchi hujjat.
  • Genuine Student (GS) talabi — bu maxsus insho bo‘lib, unda nega aynan shu kursni va Avstraliyani tanlaganingiz, bu ta’lim sizga kelajakda qanday foyda berishini tushuntirasiz.
  • Moliyaviy kafolat — menda El-yurt umidi jamg‘armasining kafolat xati bo‘lgan. O‘z hisobidan o‘qishga ketayotgan talabalardan esa bank hisobida kamida 29 710 avstraliya dollari borligini tasdiqlovchi hujjat (bank statement) talab qilinadi.
  • Tibbiy sug‘urta — bu hujjatni ko‘pincha universitet CoE bilan birga taqdim etadi.
  • Tibbiy ko‘rik — O‘zbekistondagi maxsus filialda tibbiy ko‘rikdan o‘tib, uning natijalarini tizimga yuklash kerak.
  • Sudlanmaganlik haqida ma’lumotnoma va mehnat daftarchasi nusxasi.
  • Pasport nusxasi va boshqa shaxsiy hujjatlar.

Viza uchun to‘lanadigan davlat boji hozirda $1 300 ga to‘g‘ri keladi. Barcha hujjatlar tizimga to‘liq yuklangandan so‘ng, odatda bir oy davomida viza natijasi chiqadi. Lekin bu muddat har bir nomzodda turlicha kechishi mumkin. Masalan, ba’zi odamlarning vizasi ikki haftada, hatto uch kunda chiqqanini ham eshitganman. Eng muhimi, viza olish jarayonida hech qanday suhbat bo‘lmagan.

Moslashish davri

Men bu yerga 2024-yil fevral oyida kelganman. Avstraliyaga kelganda moslashishdagi eng katta qiyinchiliklardan biri vaqt masalasi bo‘ldi. Mamlakat O‘zbekistondan olti soat oldinda yurgani sababli, dastlabki kunlarda “jet lag” holati ya’ni vaqt almashishi natijasidagi horg‘inlik sezildi. Yangi rejimga o‘rganish ancha noqulaylik tug‘dirar ekan.

Ikkinchi katta farq iqlim bilan bog‘liq. Avstraliya Janubiy yarimsharda joylashgani sababli fasllar biznikiga butunlay teskari. Masalan, dunyoning aksar hududlarida dekabrda qish bo‘lsa, bu yerda 30 darajadan yuqori issiq bilan kuzatiladigan ayni yoz fasli bo‘ladi. Aksincha, O‘zbekistonda yoz boshlanganda, Avstraliyada qish kirib keladi.

Ayniqsa, Melburn shahrining ob-havosi o‘ta o‘zgaruvchan. Shahar Janubiy okean yaqinida joylashgani sababli Sidney yoki Pert kabi shaharlaga qaraganda ancha salqinroq. Bir kunning o‘zida ob-havoning keskin o‘zgarishi va yomg‘ir ko‘p yog‘ishi kishini biroz toliqtiradi.

Mahalliy taomlarga ko‘nikish ham oson kechmadi. Dunyoda milliy oshxonamizga teng keladigani yo‘q — bu shunchaki vatanparvarlik emas, balki ayni haqiqatdir. Chet elda yurgan inson bizning mazali taomlarimizni har qadamda sog‘inishi tabiiy hol ekan.

Til masalasida esa shaxsan menda qiyinchilik bo‘lmadi, chunki IELTS darajam 8.0 ball edi. Biroq aksentlar orasidagi farq haqiqatan ham sezilarli. Avstraliya aksenti o‘ziga xos bo‘lsa-da, uni tushunish mumkin. Til darajasi pastroq talabalar uchun mahalliy aholining gapirish uslubiga ko‘nikish biroz vaqt talab qiladi.

Kursdoshlarimning aksariyati Janubiy-Sharqiy Osiyodan, xususan, Indoneziya, Malayziya, Tailand va Vyetnamdan kelgan. Ularning ko‘pchiligi musulmon ekanligi va Osiyo mentalitetiga egaligimiz sababli dunyoqarashimizda o‘xshashliklar ko‘p. Shu sababli ular bilan do‘stlashishda hech qanday qiyinchilik sezilmadi.

Avtraliyada ta’lim tizimi

Avstraliya ta’lim tizimidagi eng katta farqlardan biri — o‘qituvchilarning samimiyligi va ochiqligidir. Bu yerda professor savolning javobini bilmasa, buni tan olishdan aslo uyalmaydi. Aksincha, “bilmayman, kel buni birga tahlil qilamiz”, deb talaba bilan teng muloqotga kirishadi. “Ustoz-shogird” orasidagi sun’iy masofa yo‘q: ilmiy rahbarimni shunchaki ismi bilan — Rachael, boshqa o‘qituvchilarni esa Amanda yoki Jeff deb chaqirish odatiy hol.

Yana bir muhim jihat — fikr erkinligi. Auditoriyada hech kim sizning fikringizni “xato” deb rad etmaydi. Har qanday qarashning o‘z o‘rni bor, asosiysi masalaga turli nuqtayi nazardan, tanqidiy yondashishdir. Bu muhit talabalarga o‘z fikrini qo‘rqmasdan aytishni o‘rgatadi.

O‘qish tizimi ham O‘zbekistondagidan sezilarli darajada farq qiladi. Bakalavrda bir semestrda 10 tagacha fan o‘qigan bo‘lsam, magistraturada bor-yo‘g‘i to‘rtta — asosiy, majburiy va tanlov fanlari o‘tiladi.

Lekin fanlar sonining kamligi o‘qishni osonlashtirmaydi. Ikki soatlik seminarlarda asosiy urg‘u tanqidiy fikrlashga qaratiladi. Har qanday nazariyaning zaif nuqtalarini topish va tahlil qilish talab etiladi. 3000−5000 so‘zlik akademik insholar va tadqiqot loyihalarini yozish katta kuch va vaqt talab qiladi, ba’zan haftalab kutubxonadan chiqmay qolaman.

avstraliya, maftuna xasanova, xorijda ta’lim

Foto: Shaxsiy arxiv

Avstraliyada magistraturaning uchta yo‘nalishi mavjud: tadqiqot, amaliyot va loyiha ishi. Eng murakkabi — tadqiqot yo‘nalishi bo‘lib, unga faqat eng kuchli talabalar saralab olinadi. O‘tgan yili 40 kishilik kursimizdan faqat ikki kishi — men va bir avstraliyalik qiz ushbu yo‘nalishga qabul qilindik.

Buning uchun barcha baholar a’lo bo‘lishi va ilmiy rahbar loyihani tasdiqlashi shart. Hozirda O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish sohasida mahalliy hokimiyat organlarining shaffoflik va hisobdorlik mexanizmlari bo‘yicha dissertatsiya yozyapman. Kelajakda ilmiy-akademik faoliyatimni davom ettirish va PhD qilish niyatim bo‘lgani uchun hozirdan ilmiy yo‘nalishni tanlaganman.

Tizim kredit asosida ishlagani uchun bir xil guruh bilan ikki yil davomida birga o‘qimaysiz. Har bir fanni tanlagan talabalar tarkibi turlicha bo‘ladi. Masalan, ekologik siyosat kabi fanlarda 60 kishi qatnashsa, ixtisoslashgan “taraqqiyotning siyosiy iqtisodiy jihatlari” fanida 20 ga yaqin talaba bo‘lamiz.

Bu yerda hech kim sizni tanqid qilmaydi, aksincha, fikringiz xato bo‘lsa ham ijobiy fikr-mulohaza bildiradi. “Balki bu masalaga mana bu nuqtai nazardan yondashib ko‘rarmiz?”, deb yo‘nalish ko‘rsatishadi. Bu esa talabada o‘ziga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlaydi.

Universitet hayoti

Melburn universitetida dunyoning 150 dan ortiq millatiga mansub talabalar tahsil oladi. Bu esa nafaqat global miqyosda fikrlashni shakllantiradi, balki turli madaniyatlar bilan tanishish va xalqaro hamjamiyatda samarali muloqot qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish imkonini beradi.

Universitet kutubxonasi orqali talabalar Scopus, JSTOR, Elsevier hamda Springer kabi eng nufuzli ilmiy bazalarga to‘liq kirish huquqiga ega. Bu esa sifatli tadqiqotlar olib borishda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi.

avstraliya, maftuna xasanova, xorijda ta’lim

Cunnigham Pier. Avstraliya. Foto: Shaxsiy arxiv

O‘quv jarayonidan tashqari, talabalarning ijtimoiy va moddiy holati ham doimiy e’tiborda. Kutilmagan moliyaviy qiyinchiliklar yoki tibbiy xarajatlar yuzaga kelganda, universitet tomonidan bir martalik yordam pullari ajratiladi. Kampusdagi zamonaviy sport majmualari va yuzlab talabalar klublari esa sog‘lom turmush tarzini saqlash hamda professional aloqalarni kengaytirish uchun ideal muhit yaratadi.

Eng katta afzalliklardan biri — talabalarning mental salomatligiga alohida e’tibor qaratilishi. Universitetda doimiy faoliyat yuritadigan psixologik xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ular talabalar uchun zarur qo‘llab-quvvatlashni ta’minlaydi.

Shuningdek, talabalarning kelajakdagi karyerasini qo‘llab-quvvatlovchi maxsus bo‘lim mavjud. U professional rezyume yozish, intervyulardan muvaffaqiyatli o‘tish bo‘yicha ko‘nikmalarni o‘rgatib, bitiruvchilarni dunyoning yetakchi kompaniyalari bilan bevosita bog‘laydi.

Imtihonlar formati

Imtihonlar tanlangan yo‘nalishga qarab turlicha formatlarda o‘tkaziladi. Mening mutaxassisligimda asosan tadqiqotga tayanadigan baholash tizimi qo‘llanadi: odatda 5000 so‘zdan iborat tadqiqot ishini yozib, belgilangan muddatgacha maxsus onlayn platformaga yuklaymiz.

Ayrim fakultetlarda esa an’anaviy format saqlanib qolgan. Talabalar pavilyonlarda qog‘oz va ruchka yordamida yozma savollarga javob berishadi: bunday imtihonlar odatda qat’iy nazorat ostida va vaqt cheklovi bilan o‘tadi.

Bundan tashqari, taqdimotlar hamda professor bilan yuzma-yuz o‘tkaziladigan savol-javoblar (viva) baholashning muhim qismi sanaladi. Bu jarayonlarda talaba o‘z argumentlarini qanday rivojlantirgani, qaysi ilmiy manbalar bilan asoslagani va mavzuni qanchalik chuqur anglaganini aniq ko‘rsatishi shart.

Yashash xarajatlari

Men universitet kampusi hududida, faqat magistrantlar va tadqiqotchilar uchun mo‘ljallangan maxsus yotoqxonada yashayman. Bu yerni tanlashimga asosiy sabab — xavfsizlik va universitetga juda yaqinligidir (piyoda 5 daqiqalik yo‘l). Ayniqsa qizlar uchun bunday joyda turish har jihatdan qulay va ishonchli.

Avstraliyada ijara haqi oylik emas, balki haftalik to‘lanadi. Men yotoqxona uchun haftasiga taxminan $265 sarflayman. Bu narx ichiga barcha kommunal to‘lovlar, elektr energiyasi va internet xarajatlari kiritilgan. Tashqarida uy ijaraga olgan talabalar esa odatda kommunal xizmatlar uchun alohida haq to‘lashadi.

Ijaraga uy topish talabaning shaxsiy byudjeti va qulaylik darajasiga bog‘liq:

  • Minimal xarajatlar: haftasiga $130−200, biroq bunday narxda ko‘pincha bir uyda 7−8 kishi birga yashashadi.
  • Yaxshi sharoitlar: qulay kvartiralarning ijara haqi haftasiga $460 gacha chiqishi mumkin.

Oziq-ovqat masalasida ko‘pincha ovqatni o‘zim tayyorlayman. Mahsulotlar uchun bir oyda o‘rtacha $250−300 sarflayman. Boshqa mayda-chuyda ehtiyojlar uchun esa oyiga yana $100 atrofida mablag‘ ketishi mumkin.

Jamoat transporti ancha qimmat: bir martalik yo‘l haqi taxminan $3. Men universitetga yaqin yashaganim sababli asosan piyoda yuraman yoki velosipeddan foydalanaman, bu esa mablag‘ni sezilarli tejashga yordam beradi.

Melburn shahri Toshkentdan qariyb 17 marta katta. Shahar hududi shunchalik kengki, bir nuqtadan ikkinchisiga yetib borish uchun kamida bir yarim soat vaqt ketadi. Bunday masofalarda metro va tramvaylar eng qulay transport vositalari hisoblanadi.

Avstraliya vizasi tartibiga ko‘ra, talabalarga o‘quv davrida har ikki haftada maksimal 48 soat ishlashga ruxsat beriladi (part-time). Ta’til paytida esa to‘liq stavkada (full-time) mehnat qilish mumkin. Biroq bu yerga kelib, darhol Google yoki Amazon kabi yirik texnologik kompaniyalarga ishga kirish oson emas. Aksariyat talabalar faoliyatini xizmat ko‘rsatish yoki yetkazib berish sohalaridan boshlashadi.

Bu yerda minimal ish haqi soatiga $16 yoki haftasiga $633 ni tashkil etadi. Talabalar asosan xizmat ko‘rsatish sohalarida ishlasalar-da, bu daromad ularning yashash xarajatlarini qoplashga yetarli bo‘ladi.

Avstraliyada o‘qishning ijobiy va salbiy jihatlari

Avstraliyada o‘qishning yaxshi tomonlari juda ko‘p. Bu yerda ta’lim tizimi butunlay boshqacha, innovatsion yondashuvlar bor, dunyo miqyosidagi professorlar bilan yonma-yon ishlash imkoniyati yaratilgan. Har xil millat vakillari bilan muloqot qilasiz, turli madaniyatlarni o‘rganasiz, bu esa sizni nafaqat bilimli, balki global fikrlaydigan mutaxassis qilib shakllantiradi.

Lekin kamchiliklari ham yo‘q emas. Eng katta noqulaylik — masofa. O‘zbekistondan Avstraliyagacha kamida 20 soatlik parvoz qilishingiz kerak, bu esa jismonan ham, ruhan ham ancha charchatadi.

Yana bir jihati, Avstraliya dunyoning bir chekkasida joylashgan qit’a bo‘lgani uchun Yevropa yoki AQSHdagi siyosiy jarayonlardan ancha yiroqda. Ba’zan o‘zingizni dunyo voqealaridan biroz uzilib qolgan kabi his qilishingiz mumkin.

Shunday bo‘lsa-da, bu “izolyatsiya” o‘ziga xos tajriba beradi. Xorijda o‘qish davomida inson ko‘proq o‘zi bilan yolg‘iz qolib, ko‘plab masalalarda faqat o‘ziga tayanishga majbur bo‘ladi. Bu esa vaqt o‘tib mustaqil fikrlash va hayotdagi yo‘lingni aniqroq ko‘ra boshlashni o‘rgatadi.

Kelajakda Avstraliyaga o‘qishga keladiganlarga maslahatlar

Birinchi navbatda, ingliz tilini mukammal darajada o‘rganib kelish juda muhim. Ko‘plab talabalar til darajasi yetarli bo‘lmagani sababli darslarda ham, kundalik muloqotda ham qiynalishadi. Shuningdek, o‘z sohangiz bo‘yicha bilimlaringiz mustahkam bo‘lishi lozim. Poydevor qanchalik kuchli bo‘lsa, murakkab o‘quv tizimini eplash shunchalik oson kechadi.

O‘zbekistonda bakalavrni bitiriboq to‘xtovsiz magistratura va PhD bosqichiga o‘tishga intilish kuchli, go‘yoki hayotda nimagadir kechikayotgandek shoshilamiz.Men esa tengdoshlarimga kamida bir yillik tanaffus olib, o‘z sohasi bo‘yicha amaliy tajriba orttirishni maslahat berar edim.

Masalan, Avstraliyaga kelishdan oldin davlat ishida ishlaganim hozirgi o‘qishim davomida juda qo‘l kelmoqda. Nazariyani hayotiy misollar bilan solishtira olishim tizimda nimalarni o‘zgartirish kerakligini aniqroq ko‘rsatib beryapti. Shuning uchun amaliyot o‘tash — bu shunchaki vaqt sarflash emas, balki kelajakdagi bilimlarni yanada sifatliroq o‘zlashtirish uchun eng to‘g‘ri sarmoya hisoblanadi.

avstraliya, maftuna xasanova, xorijda ta’lim

Cunnigham Pier. Avstraliya. Foto: Shaxsiy arxiv

Kelajakdagi rejalar. Magistraturani tamomlagach, O‘zbekistonga qaytib, davlat boshqaruvi sohasida faoliyat yuritish — asosiy maqsadlarimdan biri. Bu nafaqat El-yurt umidi jamg‘armasi oldidagi majburiyatim, balki yurtimiz rivojiga hissa qo‘shish yo‘lidagi shaxsiy niyatimdir.

Shu bilan birga, ilmiy izlanishlarimni davom ettirib, PhD darajasini olishni va Avstraliyada orttirgan xalqaro tajribamni talabalar bilan bo‘lishishni rejalashtirganman. Eng asosiysi, olayotgan bilimim, ko‘nikma va malakamni atrofdagilar bilan bo‘lisha olsam, talabalarga qo‘limdan kelgancha yo‘l ko‘rsatib yordam bersam, o‘zimni mamnun his qilaman. Davlat boshqaruvi tizimida kichik bo‘lsa-da, ijobiy o‘zgarishlarga sababchi bo‘lish va insonlarga foyda keltirish men uchun eng katta muvaffaqiyatdir.