Google korporatsiyasi Android tizimida ovoz balandligini boshqarish tugmalari noto‘g‘ri ishlashi mumkinligini rasman tan oldi.

Xatolik “O‘qish uchun tanlash” (Select to Speak) funksiyasi yoqilganda yuz beradi. Bu haqda Google hamjamiyati menejeri Aadil Shayx xabar berdi.

“Ko‘rish qobiliyati zaiflashgan yoki o‘qishda qiyinchilik sezadigan foydalanuvchilar uchun mo‘ljallangan „Select to Speak“ funksiyasi yoqilgan Android qurilmalarida ovoz balandligini boshqarish tugmalari noto‘g‘ri ishlayotgani haqida xabarlar oldik”, deya ma’lum qildi korporatsiya vakili.

Qayd etilishicha, ikkita xato aniqlangan. Ovoz balandligi tugmalari barcha media (musiqa, video, o‘yinlar) uchun emas, balki faqat maxsus imkoniyatlar uchun ovozni boshqarishni boshlaydi. Shuningdek, kamera rejimida ovoz balandligi tugmalari bosilganda rasm olinmayapti.

Google muammolarni bartaraf etish ustida ishlamoqda va hozircha foydalanuvchilarga “O‘qish uchun tanlash” funksiyasini o‘chirib qo‘yishni tavsiya qilmoqda.

Bu parametr ekrandagi matnga ovoz beradi, kamera yo‘naltirilgan hujjatlar va rasmlarni o‘qiydi va tavsiflaydi.


Avvalroq Spot Google hammuassisi boylik solig‘i ehtimoli sabab Kaliforniyani tark etgani haqida yozgandi.

Larri Peyj yangi 5%lik yig‘imdan xavotirlanib, o‘z biznes aktivlarining bir qismini boshqa shtatlarga ko‘chirish jarayonini boshlagan.