Pokiston hukumati Donald Tramp oilasiga aloqador World Liberty Financial (WLF) kriptofirmasi bilan raqamli to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha kelishuv imzoladi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, gap chegaralararo hisob-kitoblar uchun steyblkoindan foydalanish imkoniyati haqida bormoqda.
Kelishuvga binoan, WLF o‘z kriptovalyutasini raqamli to‘lovlarning tartibga solinadigan tizimiga joriy etish maqsadida Pokiston Markaziy banki bilan hamkorlik qiladi.
Nashr tomonidan ta’kidlanishicha, bu token Pokistonning o‘z raqamli valyuta infratuzilmasi bilan yonma-yon ishlash imkoniyatini beradi.
Avvalroq Tramp oilasi yangi WLFI kriptovalyutasi savdosi boshlanganidan keyin o‘z boyligini $5 mlrdga oshirgani haqida xabar berilgandi.
WLFI — World Liberty Financial kompaniyasiga tegishli bo‘lib, unda Trampning o‘g‘illari ta’sischi, prezidentning o‘zi esa “faxriy ta’sischi” sifatida qayd etilgan. Oila barcha tokenlarning deyarli to‘rtdan bir qismiga egalik qiladi, biroq ular sotuvga qo‘yilmagan holda qolmoqda.
Savdoning boshlanishi ularning aktivlarining bozor qiymatini aniqlash imkonini berdi va bu qiymat Tramplarning ko‘p yillik ko‘chmas mulk portfeli qiymatidan oshib ketdi.
World Liberty Financial bir yil avval Trampning saylovoldi kampaniyasi davrida tashkil etilgan bo‘lib, u loyihaning “Amerikani yana buyuk qilishga, bu safar kriptovalyuta yordamida” ko‘maklashishini ta’kidlagan edi.
Avvalroq Pokiston bitkoin zaxirasini yaratishi haqida xabar berilgandi.
Zaxira faqat saqlash uchun mo‘ljallangan bo‘lib, kriptovalyuta mayningi va SI ma’lumot markazlari uchun 2000 megavatt elektr energiyasi ajratiladi.
