Qozog‘iston osmonida Uzbekistan Airways va Pobeda aviakompaniyalari samolyotlari o‘zaro xavfli darajada yaqinlashdi. Bu haqda Qozog‘iston Transport vazirligi matbuot xizmatiga tayanib, Tengrinews nashri xabar berdi.

Hodisa 10-yanvar kuni ertalab Uzbekistan Airways’ga tegishli Airbus A320 hamda Pobeda’ning Boeing 737−800 samolyotlari ishtirokida sodir bo‘lgan. Idora ma’lumotlariga ko‘ra, voqea paytida har ikkala reys ham hududiy dispetcherlik markazi dispetcherlari nazoratida bo‘lgan.

“10-yanvar kuni taxminan soat 05:42 da (Ostona vaqti bilan) Chimkent hududiy dispetcherlik markazining A2I sektori mas’uliyat zonasida Pobeda’ning Vnukovo-Samarqand yo‘nalishidagi PBD997 reysi hamda Uzbekistan Airways’ning Termiz-Moskva yo‘nalishidagi UZB9609 reysiga xizmat ko‘rsatish jarayonida aviatsiya hodisasi sodir bo‘lgan”, — deyiladi xabarda.

Qozog‘iston Transport vazirligiga ko‘ra, mazkur holat jiddiy aviatsiya insidenti sifatida tasniflangan. Bunday holatlar majburiy tekshiruvdan o‘tkaziladi. Buning uchun esa vazirlik tegishli komissiya tuzishi, shuningdek, tekshiruv muddati, qo‘shimcha tadqiqotlar talab qilinmasa, uch oydan oshmasligi kerakligi bildirildi.

Pobeda aviakompaniyasi matbuot xizmati vaziyat bo‘yicha izoh berib, qarama-qarshi havo kemasi bilan xavfli yaqinlashish xavfi bo‘lmaganini ma’lum qildi.

“9-yanvar kuni Moskva-Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha DP-997 reysi amalga oshirilayotganda ekipaj dispetcherdan parvoz eshelonini o‘zgartirish bo‘yicha ko‘rsatma oldi. Samolyot ekipaji manevrni xavfsiz tarzda, amaldagi yo‘riqnomalarga muvofiq bajardi. Qarama-qarshi yo‘nalishda uchayotgan boshqa havo kemasi bilan xavfli darajada yaqinlashish xavfi bo‘lmagan”, — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, aviakopaniya mazkur holat yuzasidan Rosaviatsiya tomonidan rasmiy tekshiruv olib borilayotganini qo‘shimcha qildi.

Uzbekistan Airways hozircha vaziyat borasida rasmiy ma’lumot bermadi.

Flightradar24 portali ma’lumotlariga ko‘ra, Pobeda aviakompaniyasining Boeing 737 havo kemasi tomonidan amalga oshirilgan PBD997 reysi 10-yanvar kuni Moskvaning Vnukovo aeroportidan soat 0:55 da uchib, Samarqandga 6:43 da qo‘ngan. Uzbekistan Airways’ning Airbus A320 samolyoti tomonidan bajarilgan UZB9609 reysi esa shu kuni Termizdan soat 4:16 da uchib, Vnukovoga 6:26 da yetib borgan.

Avvalroq O‘zbekistonda hududlararo aviaqatnovlar 2030-yilgacha 2,5 baravarga oshirilishi haqida xabar berilgandi. Keyingi besh yil ichida Toshkentni chetlab o‘tuvchi hududlararo parvozlar soni 1560 taga yetkaziladi, mamlakat bo‘yicha aviaqatnovlar esa 200 mingtagacha oshiriladi.