Avvalroq prezident ko‘p kvartirali uy-joy fondini boshqarish tizimini yaxshilash va aholiga sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlashga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

O‘zbekistonda bosqichma-bosqich “Turar-joy” milliy axborot tizimi ishga tushiriladi. U ko‘p kvartirali uylarning texnik holati, yer uchastkalari, energiya va suv iste’moli bo‘yicha ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.

Ko‘p kvartirali uyni foydalanishga qabul qilishda kadastr pasporti rasmiylashtirilib, u “Turar-joy” tizimida avtomatik aks etishi, o‘rnatilgan quyosh panellari esa umumiy mol-mulk sifatida boshqarish organiga topshirilishi shart etib belgilandi. Ushbu talablar bajarilmagan taqdirda, uy foydalanishga qabul qilinmaydi.

Shuningdek, yig‘ilishda sohani raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish masalasi ko‘rib chiqildi. Boshqaruv servis kompaniyalarining dispetcherlik xizmatlarida sun’iy intellekt asosida ishlaydigan tizimlar joriy qilinishi, murojaatlar bilan ishlash va xizmat ko‘rsatish tezligi oshirilishi kerakligi qayd etildi.

2026−2030 yillarda sohadagi institutsional islohotlarni davom ettirib, hokimliklar huzurida uy-joy kommunal sohani nazorat qiluvchi hududiy inspeksiyalar tashkil etish, ularning budjetdan tashqari jamg‘armalarini shakllantirish, hokimning uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari lavozimini joriy etish taklif qilindi.

2017−2024-yillarda qurilgan 8974 ta va 2025-yilda qurilishi rejalashtirilgan 2559 ta hamda foydalanishga topshirilgan 301 ta uy-joy o‘rganilgan. Natijada 1 434 ta uy-joy ro‘yxatdan o‘tmasdan qurilgani, 185 ta bino-inshootda esa noqonuniy ravishda qo‘shimcha qavat qo‘shilgani aniqlandi.

Vizual o‘rganishlarda 1 346 ta ko‘p qavatli uy-joyni instrumental texnik tekshiruvdan o‘tkazish zarurligi aniqlandi. Hozirgacha 778 ta obyekt tekshirilib, 568 tasida tekshiruvlar davom etmoqda. Tekshiruvlarda 142 ta ko‘p qavatli uy-joyni mustahkamlash zarurligi aniqlangan, bittasi esa seysmik jihatdan zaif — yaroqsiz deb topilgan.

Avvalroq Spot eskrou tizimining joriy etilishi kechiktirilayotgani haqida xabar bergandi. Qonun loyihasi muhokamasi 30-dekabrda yakunlandi, endi uni parlament ko‘rib chiqishi zarur.