16-yanvar kuni Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko kripto-banklar faoliyatiga ruxsat beruvchi farmonni imzoladi. Bu haqda Belarus rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Farmon “Belarusning moliyaviy IT-texnologiyalar sohasidagi flagman sifatidagi imijini mustahkamlashga” qaratilgan.

Kripto-banklar deganda raqamli tokenlardan foydalangan holda bank, to‘lov va tegishli moliyaviy operatsiyalarni birlashtirish huquqiga ega bo‘lgan kompaniyalar tushuniladi.

Bozorga kirish uchun kriptobank Yuqori texnologiyalar parki rezidenti maqomiga ega bo‘lishi, shuningdek, Belarus Milliy bankining kriptobanklar reyestriga kiritilgan bo‘lishi kerak.

O‘z faoliyatida kripto-banklar Belarus qonunchiligining nobank kredit-moliya tashkilotlariga qo‘yiladigan talablariga rioya qilishlari shart. Parallel ravishda ular uchun Yuqori texnologiyalar parki kuzatuv kengashi qarorlarini bajarish majburiydir.

Belarus prezidenti matbuot xizmati ta’kidlanishicha, ikki tomonlama tartibga solish kriptobankka mijozlarga innovatsion moliyaviy mahsulotlarni taklif qilish imkonini beradi.

Ular klassik bank xizmatlari imkoniyatlarini tokenlarning “texnologikligi, tezkorligi va qulayligi” bilan uyg‘unlashtiradi.

Belarus Milliy banki rais o‘rinbosari Aleksandr Yegorov davlat axborot agentligi BelTAga bergan intervyusida kriptobanklar to‘g‘risidagi farmonni “jahon kriptovalyuta bozori uchun g‘oyat noyob hodisa” deb ta’rifladi. Hukumat 6 oy ichida qonunchilikni ushbu farmonga muvofiqlashtiradi.

“Biz barcha potensial investorlar, ham mahalliy, ham xorijiy investorlar bilan ishlaymiz, shunda deyarli barcha qonunchilik hujjatlari tayyor bo‘lganidan so‘ng biz mamlakatimizda birinchi kriptobanklarni ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi”, — dedi Yegorov.

Farmon qabul qilingunga qadar bank tizimi va kriptobirjalar turli konturlarda — an’anaviy (fiat) pullar va kriptovalyutalarda ishlagan. Kriptobanklar klassik banklar va kriptobirjalar funksiyalarini, shuningdek, kriptovalyutalar bilan ishlashning qo‘shimcha imkoniyatlarini birlashtirishi mumkin bo‘ladi.

Kripto-banklar fiat pullar va kripto-aktivlar o‘rtasida farq qilmagan holda yagona balansga ega bo‘ladi. Fuqarolar ularda kriptovalyuta kartalarini chiqarishi, biznes esa mablag‘larni kriptovalyuta hisoblarida saqlashi mumkin bo‘ladi.

Farmon, shuningdek, Belarusning o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolariga kriptovalutada ish haqi olish imkonini beradi, agar u kriptobankdagi hisob raqamiga kelib tushsa. Bundan tashqari, yangi muassasalar raqamli aktivlarni garovga qo‘yish orqali kreditlar berishlari mumkin bo‘ladi.


Avvalroq Turkmanistonda kriptovalyuta mayningi va kripto-birjalar qonuniylashtirilgani haqida xabar berilgandi.

Kripto-birjalar va virtual aktivlar xizmatlarini ko‘rsatuvchi provayderlarning faoliyatiga Markaziy bank litsenziyasi mavjud bo‘lgan taqdirda ruxsat beriladi.