O‘zbekistonda uy xo‘jaliklarining energiya tejamkor texnologiyalarga o‘tishi tezlashdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda keltirilgan (Spot'da mavjud).

Energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan choralar fonida xonadonlarning qariyb 90%i energiya sarfini kamaytirish uchun kamida bitta chora ko‘rgan.

Eng keng tarqalgan amaliyot LED-yoritish moslamalarini o‘rnatish bo‘ldi — uy xo‘jaliklarining 87%i svetodiodli yoritishga o‘tgan. Ayrim hududlarda, jumladan Qoraqalpog‘iston Respubilkasi, Xorazm, Navoiy va Toshkent viloyatlarida bunday oilalar soni 90% dan oshdi.

Keyingi ommabop chora — plastik deraza va eshiklarni o‘rnatish. Uy xo‘jaliklarining 44%i bu orqali energiya samaradorligini oshirgan. Ko‘rsatkich Qashqadaryo (84%), Buxoro (69%) va Xorazm (54%) viloyatlarida yuqori shakllangan.

Energiya tejamkor maishiy texnika xarid qilgan uy xo‘jaliklari ulushi 31% ni tashkil etib, eng yuqori ko‘rsatkichlar Jizzax (60%), Navoiy (59%) va Qoraqalpog‘istonda (54%) kuzatildi.

elektr energiyasi, led chiroqlari, energiya samaradorligi, quyosh panellari, tabiiy gaz, energiya tejash

Bundan tashqari, qayta tiklanadigan energiya manbalariga qiziqish ortib bormoqda. Quyosh panellarini o‘rnatgan uy xo‘jaliklarining yarmidan ko‘pi erishilgan natijalardan mamnun ekanini, kelgusida ular sonini ko‘paytirish niyatida ekanligini bildirgan.

Tahlillar taxminan 1,9 mln uy xo‘jaliklarida quyosh panellarini o‘rnatishga talab mavjudligini ko‘rsatmoqda, bu esa qiymati $2,3 mlrddan ortiq bo‘lgan ichki bozorni shakllantirish imkonini beradi.

Shu bilan birga, xonadonlarda samaradorligi past bo‘lgan gaz kotyollari va qo‘lbola pechkalardan foydalanish natijasida yuqori energiya iste’moli saqlanib qolmoqda.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, tashqi devorlarni izolyatsiyalash, isitish tizimlarini yangilash, eskirgan eshik va derazalarni almashtirish mamlakatning ko‘p xonadonli uy-joylarida yiliga $60 mlndan ortiq elektr, gaz hamda issiqlik energiyasini tejash imkonini beradi.

Jahon banki baholariga ko‘ra, ijtimoiy soha obyektlari, jumladan, sog‘liqni saqlash muassasalari, bog‘chalar va davlat maktablarida ham energiya samaradorligini oshirish salohiyati mavjud. Ushbu obyektlarga maqsadli investitsiyalarni kiritish orqali energiya iste’molini 20−50% ga tejash va yillik iste’mol hajmini 7,1 mlrd kVt/soatgacha qisqartirish mumkin.

Avvalroq prezident raisligida energiya samaradorligini oshirish hamda elektr energiyasi taʼminotida bozor mexanizmlarini joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.