15-yanvar kuni O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvining tegishli qarori bilan Yangi Bank’ning bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olindi.
Natijada mamlakatdagi banklar soni 35 tadan 34 taga qisqardi. Oxirgi marta 2025-yilning avgust oyida regulyator Qozog‘istonning Yevroosiyo banki’dan litsenziyasini bekor qilgandi.
Yangi Bank haqida nimalar ma’lum?
Yangi Bank 2023-yil may oyida Markaziy bankdan bank litsenziyasini olgan. KTYDR ma’lumotlariga ko‘ra, Yangi Bank savdo belgisi 2021-yil dekabrida Yangi-Group MCHJ tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan. O‘sha paytda kompaniya rahbari sifatida O‘zagroeksportbank sobiq rais o‘rinbosari Odil Amerkulov ko‘rsatilgan.
Neobank aksiyalarining 100%i Yangi-Group kompaniyasiga tegishli bo‘lib, u o‘z navbatida Singapurda ro‘yxatdan o‘tgan Yangi Holding Pte Ltd kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan. Ushbu kompaniya rahbari Smirnov Timofey Valentinovich hisoblanadi.
2025-yil 1-dekabr holatiga ko‘ra, Yangi Bank aktivlari 593 mlrd so‘m — bu O‘zbekiston bank tizimi barcha aktivlarining 0,067%ini tashkil etadi. Bank ixtiyorida 188 mlrd so‘mlik kreditlar va 394 mlrd so‘mlik depozitlar mavjud edi. Raqamli bank portfelidagi muammoli kreditlar ulushi 6,2% ga yoki 12 mlrd so‘mga yetgan.
2025-yilning yozida Yangi Bank boshqaruvi raisi lavozimiga SEG Enera kompaniyasi bosh direktori Timofey Smirnov tayinlangan. Ungacha bankka vaqtincha rahbar sifatida Tatyana Asmakovets boshchilik qilgan bo‘lib, u Uzum Bank’ga o‘tgan Svetlana Xening o‘rnini egallagan.
Bankning moliyaviy holati qanday?
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning 13-yanvar holatiga Yangi bank’ning jami aktivlari 577,2 mlrd so‘mni tashkil etadi. Kredit portfeli 190 mlrd so‘mga baholanmoqda.
Yuqori likvidli aktivlar hajmi 126 mlrd so‘mga yetgan. Uning tarkibida Markaziy bankdagi mablag‘lar — 31 mlrd so‘m, boshqa banklarda joylashtirilgani — 14,5 mlrd so‘m. Yana 80 mlrd so‘m REPO bitimlari bo‘yicha sotib olingan qimmatli qog‘ozlarga to‘g‘ri keladi.
Aktivlar tarkibida asosiy vositalar 254,7 mlrd so‘m bo‘lib, shundan bank binosi 155 mlrd so‘mga, bankning nomoddiy aktivlari esa 103 mlrd so‘mga baholanmoqda. Bankning jami majburiyatlari 394 mlrd so‘mni, jumladan, jismoniy shaxslar omonatlari va kartalaridagi mablag‘lari 279 mlrd so‘mni, yuridik shaxslar depozitlari esa 109,3 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Shuningdek, Yangi Bank’ning taqsimlanmagan zarari 171 mlrd so‘mga yetdi, shundan 136 mlrd so‘mi 2025-yil yakuniga, yana 1 mlrd so‘mi 2026-yil boshiga to‘g‘ri keldi.
Natijada xususiy kapital ustav kapitali 355 mlrd so‘m bo‘lgan holda 182,9 mlrd so‘mgacha qisqardi, bu esa qonunchilikda belgilangan minimal talab — 500 mlrd so‘mdan pastdir.
Nega litsenziya bekor qilindi?
Yangi Bank litsenziyasi bekor qilinishiga bank tomonidan aniqlangan kamchiliklar, jumladan ustav kapitalining eng kam miqdorga yetkazilmagani sabab bo‘ldi.
2025-yil 1-yanvardan boshlab bank ustav kapitalining eng kam miqdori 500 mlrd so‘m bo‘lishi kerak edi. Biroq, 2026-yil 1-yanvar holatiga Yangi bank’ning ustav kapitali 355 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri ma’lumotlariga ko‘ra ushbu bank ustav fondi 200 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Markaziy bank Yangi bank kuzatuv kengashi va boshqaruviga ustav kapitalini oshirish bo‘yicha bir necha bor yozma ogohlantirishlar bergan. Shunga qaramay, bank yetarli choralar ko‘rmagan.
Ustav kapitalini oshirmaslik va ayrim moliyaviy cheklovlarga rioya etmaslik qonunchilikka ko‘ra jiddiy qoidabuzarlik bo‘lib, bank litsenziyasini bekor qilishga asos bo‘ladi. Shuningdek, bank ketma-ket uch chorak davomida regulyativ kapitalining 10%idan ortiq yoki istalgan vaqtda 50%idan ko‘prog‘i miqdorida zarar ko‘rsa (yoki bunday xavf mavjud bo‘lsa), litsenziya chaqirib olinishi mumkin.
Bank nima bo‘ladi?
Bank o‘rnatilgan tartibda tugatiladi, chunki uning faoliyati Markaziy bank qarori asosida to‘xtatilgan. Bank majburiy tugatilganda tugatuvchi Markaziy bank tomonidan tayinlanadi.
Allaqachon tugatish komissiyasi tayinlanib, unga jarayonni boshqarish vakolatlari berilgan.
Omonatlar nima bo‘ladi?
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, litsenziya bekor qilingan paytda Yangi Bankda 32 526 nafar fuqaroning omonatlari mavjud bo‘lgan. Ulardan 32 153 nafar omonatchi Omonatlarni kafolatlash agentligi (OKA) orqali mablag‘larini to‘liq hajmda qaytarib oladi.
Qolgan 373 nafar omonatchi OKA tomonidan qonunda belgilangan limit — 200 mln so‘m doirasida to‘lov oladi, qolgan qismi esa tugatish komissiyasi qarorlariga muvofiq undiriladi. Eng yuqori kompensatsiya miqdori 2025-yil 19-fevraldan boshlab 200 mln so‘m etib belgilangan. Biroq bu ushbu sanagacha ochilgan omonatlarga tatbiq etilmaydi. Shu sababli, agar omonat 19-fevralgacha ochilgan bo‘lsa, u 100% kafolat bilan qoplanadi.
OKA kamida 75% omonatchilarga 15 ish kuni ichida kompensiyalarni olishni ta’minlashi lozim. Tugatuvchi esa 10 ish kuni ichida agentlikka omonatchilar reyestri, kafolatlanadigan obyektlar hamda to‘lanishi lozim bo‘lgan summalar bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etishi kerak.
Fuqarolarning omonatlaridan tashqari, kafolatlar yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslar depozitlariga ham tatbiq etiladi. Shu bilan birga, davlat korxonalari, boshqa banklar hamda kredit va moliyaviy tashkilotlar hisobvaraqlari kafolatlanmaydi.
Omonatlarni kafolatlash agentligida ta’kidlanishicha, kompensatsiya to‘lovlari vakolatli davlat organlari nazorati ostida amalga oshiriladi va asossiz xavotir hamda vahimaga o‘rin yo‘q.
Kredit majburiyatlari-chi?
Markaziy bankda qayd etilishicha, bank yopilgan taqdirda ham kredit shartnomalari o‘z kuchini saqlab qoladi. Kredit olgan mijozlar shartnomada belgilangan shartlar va muddatlarga muvofiq to‘lovlarni amalga oshirishda davom etishi shart. Bankning tugatilishi kredit majburiyatlarini bajarmaslik uchun asos bo‘la olmaydi.
Kreditlar bo‘yicha to‘lovlar tugatish komissiyasi orqali qabul qilinadi. Mazkur komissiya tomonidan uch ish kuni ichida to‘lovlarni amalga oshirish tartibi, jumladan, tegishli hisob raqamlari haqida ma’lumotlar bankning rasmiy veb-sayti va OAV orqali e’lon qilinadi.
Barcha kredit oluvchilar qaysi rekvizitlar orqali navbatdagi to‘lovlarni amalga oshirishlari lozimligi haqida rasman xabardor qilinadi. Hozirda tugatish komissiyasining hisob raqamlariga to‘lovlarni qabul qilish bo‘yicha texnik jarayonlar yakunlanmoqda.
Qayerga murojaat qilish kerak
Markaziy bank kafolatlangan omonatlar bo‘yicha kompensatsiya to‘lash yuzasidan Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan jamoatchilikka doimiy ravishda rasmiy va ishonchli axborot berib borilishini bildirdi.
Kompensatsiya to‘lovi bo‘yicha batafsil ma’lumotni agentlikning +998−55−550−05−00 raqamli ishonch telefoni orqali olish mumkin.
