Avvalroq Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini hamda sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida prezidentga yangidan joriy qilingan dorixonalarda dori vositalarini elektron retsept asosida sotish tizimi to‘g‘risida ma’lumot berilganini qayd etdi.

Hozirgi kunda jami 387 mingdan ortiq elektron retsept yozib berildi. Ulardan faqat 54,7 mingtasi (14,1%) dorixonalarda sotilgan.

“Bosh prokuratura bilan birgalikda ishlarimizni jadallashtiramiz. Endi dorixonalarda tekshiruvlar o‘tkazilib, haqiqatdan ham elektron retseptlardan foydalanilayotgani yoki yo‘qligini nazoratga olamiz. Shu bilan bira, Soliq qo‘mitasi ma’lumotlari asosida antibiotiklar, sintetik antibakterial va gormonal dori vositalarining elektron retsept asosida sotilishi yoki sotilmayotganini nazorat qilib boramiz”, — dedi agentlik rahbari.

Abdulla Azizovning so‘zlariga ko‘ra, qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda, dorixona xodimlari elektron retsept tizimi bilan ishlashga qayta o‘qitiladi. Uning ta’kidlashicha, barchani ushbu tizim bilan qamrab olish maqsad qilingan.

Elektron retsept tizimi

2025-yilning 10-dekabridan boshlab Toshkent shahri hamda tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladigan 15 ta tuman va shaharda “Elektron retsept” tizimi joriy etildi. Qolgan hududlarda 2026-yil yakunigacha ishga tushiriladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tizim bo‘yicha xavotirlarga javoban, ayrim bemorlar zarur dorilar bilan ta’minlanishini hamda retseptsiz beriladigan dori vositalarining bazaviy ro‘yxati shakllantirilganini bildirdi.

Undan keyin vazirlik talab yuqori bo‘lgan 389 ta retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxatini taqdim etdi. U bilan havola orqali tanishish mumkin. Dorilarning savdo nomlari bu yerda keltirilgan. Shuningdek, qaysi dori vositalari retsept asosida yoki retseptsiz sotilishini Yagona portal orqali ham bilib olish mumkin.

Tizim serverlari Sog‘liqni saqlash vazirligining Raqamli sog‘liqni saqlash markazi tomonidan 24/7 rejimida kuzatib borilmoqda. Shuningdek, murojaatlar @ssv_pilotbot Telegram boti hamda 1003 qisqa raqamli Call-markaz orqali qabul qilinadi.

Elektron retsept birinchi bosqichda antibiotik va gormonal dorilar uchun majburiy bo‘ldi. Dori vositalari ro‘yxati ijtimoiy xavf va ehtiyojlardan kelib chiqib, Ekspertlar kengashi tomonidan bosqichma-bosqich tasdiqlanadi.

23-dekabr kuni Qonunchilik palatasi majlisida Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov elektron retsept tizimi dorilarning nojo‘ya ta’siri va asossiz yozib berilishini kamaytirishga qaratilganini, uzilishlar paytida ayrim dorilar shartli ravishda qog‘oz retsept bilan berilishi mumkinligini bildirgandi.

Avvalroq Spot Sog‘liqni saqlash vazirligi 15-yanvardan dorixonalarda antibiotiklar faqat retsept asosida berilishi haqidagi xabarlarni rad etgani haqida yozgandi.