Xitoyning Temu marketpleysi Turkiyaga chetdan tovar yetkazib berishni to‘xtatdi. Bu haqda mk-turkey nashri xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Temu xizmatlaridan foydalanayotgan mamlakat aholisi uchun endi faqat mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari mavjud.
Ta’kidlanishicha, Turkiya monopoliyaga qarshi kurash idorasi 21-yanvar kuni arzon narxlari bilan tanilgan Xitoy onlayn-platformasining mahalliy ofisida tekshiruv o‘tkazgan.
Kompaniyaning kompyuterlari olib qo‘yilgan. Shundan so‘ng Temu chetdan tovar sotishni to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan, deb yozadi nashr.
Temu o‘tgan yili Turkiyada o‘z vakolatxonasini ochgan va qisqa vaqt ichida mahalliy aholi orasida mashhur onlayn-do‘konga aylangan.
Qayd etilishicha, yanvar oyida Turkiya pochta yoki kargo orqali chetdan kiritiladigan bojsiz xaridlar uchun 30 yevroli cheklovni bekor qilgan. Bu qaror jamiyatda katta shov-shuvga sabab bo‘ldi.
O‘zbekistonda Temu faoliyati
2024-yil oxirida O‘zbekistonda elektron tijorat uchun yangi qoidalar tasdiqlandi. 28-dekabrdan boshlab o‘zbekistonlik foydalanuvchilar bilan ishlaydigan xalqaro platformalar yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazishi shart. Yangi qoidalar nima uchun joriy etilgani va ular bozorga qanday ta’sir ko‘rsatishini Spot avvalroq ko‘rib chiqqandi.
Ayrim platformalar yuqoridagi talablarga moslasha boshladi, biroq Temu bunday qilmadi. Xitoy marketpleysi O‘zbekistonda faol targ‘ibotni olib bordi, biroq yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazmadi.
Elektron tijorat sohasini tartibga soluvchi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) Temu faoliyatiga bir necha bor izoh berib, ehtimoliy bloklanishi borasida ogohlantirgandi.
Joriy yilning 20-martidan platformaga kirish cheklanadi. Foydalanuvchilarga yangi buyurtmalarni rasmiylashtirmaslik, agar buyurtma qilingan bo‘lsa, to‘lovni qaytarish tavsiya etildi.
ILMA elektron tijorat boshqarmasi boshlig‘i Kamronbek Muhammadiyev Spot’ga bergan intervyusida Temu faoliyatini cheklashda nima uchun aynan shu muddat tanlangani, blokirovka qanday bo‘lishi va kompaniya cheklovlardan qochish uchun nima qilishi mumkinligiga izoh berdi.
Avvalroq Temu Xitoydan AQShga mahsulot yetkazib berishni to‘xtatgani haqida xabar berilgandi.
Kompaniya hozirda AQShdagi omborlarda bo‘lgan mahsulotlarni jo‘natishda davom etmoqda. Boshqa mahsulotlar omborda yo‘q deb ko‘rsatilmoqda.
