Belarusda O‘zbekiston Savdo uyini ochilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Palata raisi Davron Vahobov 27-yanvar kuni Belarus SSP raisi Mixail Myatlikov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni mustahkamlash, savdo hajmini oshirish va qo‘shma loyihalarni ko‘paytirish masalalari muhokama qilindi.
Belarus Bosh vaziri boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga kutilayotgan tashrifi doirasida amaliy iqtisodiy mazmunga ega tadbirlarni tashkil etishga kelishib olindi.
Tomonlar O‘zbekiston-Belarus biznes forumini o‘tkazish, ishbilarmon doiralar o‘rtasida B2B uchrashuvlar hamda tadbirkorlar ishtirokida ko‘rgazma tashkil qilish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, Belarus hududida O‘zbekiston Savdo uyini ochish tashabbusi ilgari surildi.
“Bu loyiha o‘zbek mahsulotlarini ilgari surish va logistika jarayonlarini yengillashtirishga xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yana-da faollashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
2024-yilning yozida Belarusning Gomel viloyati Ijroiya qo‘mitasi raisi boshchiligidagi delegatsiyaning Farg‘ona viloyatiga tashrifi doirasida ushbu mamlakatda viloyat savdo uyi ochilishi mumkinligi taʼkidlangandi.
2025-yilning yozida Ulan-Bator shahrida O‘zbekistonning Mo‘g‘ulistondagi birinchi savdo uyi ochilgandi. Shuningdek, Lahor va Milan da ham Savdo uylari ochilgan edi.
Spot, avvalroq, biznes shakar importiga bojni bekor qilishni so‘rayotgani haqida yozgandi.
