Belarusda Farg‘ona viloyatining savdo uyi ochilishi mumkin. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Belarusning Gomel viloyati Ijroiya qo‘mitasi raisi Ivan Krupko boshchiligidagi delegatsiyaning viloyatga tashrifi doirasida ikki viloyat rahbarlari va rasmiylari, ishbilarmonlarining kengaytirilgan uchrashuvi o‘tkazildi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ijtimoiy, madaniy, turizm kabi sohalarda aloqalarni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Farg‘ona sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining Gomelga eksporti hajmini oshirish, Farg‘onaga Belarusdan arzon va sifatli go‘sht, sut mahsulotlari, mebellar va yog‘och mahsulotlarini yetkazib berishda imkoniyatlardan samarali foydalanishga kelishildi.

Viloyat tomonidan bildirilgan Gomel shahrida “Farg‘ona savdo uyi"ni ochish taklifi belarus tomonidan ijobiy qabul qilindi. Mazkur savdo uyi viloyat ishlab chiqaruvchilarining mahsulotlarini targ‘ib qilishga qaratiladi.

Farg‘ona viloyati hududida Belarusning “Gomselmash” zavodi bilan qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish borasida ishlar tashkil etiladi.

Shuningdek, tomonlar kasbiy hamda oliy ta’lim sohasida ham hamkorlik o‘rnatishga, xususan, Simulyatsion markazlarni o‘z ichiga olgan Gomelning innovatsion tajribasini Farg‘onada tatbiq etishga kelishishdi. Undan viloyat sanoat korxonalari uchun malakali mutaxassislar tayyorlashda foydalaniladi.

“Qo‘qon” EIZ rahbari Farrux Rahmonov hamda “Gomel-Raton” EIZ ma’muriyati rahbari Antonina Yejova tomonidan ikki viloyat erkin iqtisodiy zonalari o‘rtasida hamkorlik kelishuvi imzolandi.

Mebelsozlikda qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Gomel viloyatidan zotdor qoramollar keltirish borasida hamkorlik qilinadi. Kelishuvlarni 2024−2025 yillarda amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi imzolandi.

Avvalroq Janubiy Koreyada O‘zbekistonning birinchi savdo uyi ro‘yxatdan o‘tkazilgandi. Shou-rumda oziq-ovqat, meva-sabzavot, to‘qimachilik-tekstil hamda kulolchilik kabi mahsulotlar namoyish etiladi.