Pop ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaligi mansabdor shaxslari bilan bog‘liq noqonuniy holatlar aniqlandi. Bu haqda DXX xabar berdi.

Yanvarda tuzilgan ishchi guruh tomonidan o‘rmon xo‘jaligi yerlaridan maqsadli foydalanish borasida Pop ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaligiga tegishli hududlarda tekshiruv ishlari o‘tkazildi.

Muassasa mansabdor shaxslarining vazifalarga loqayd munosabati oqibatida yerlarni ijaraga olgan 5 nafar tadbirkor tomonidan tegishli ruxsatlarsiz bino va inshootlar qurilgan. Yer uchastkasining ixtisoslashuvi esa o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirilgan.

Bundan tashqari, 460 nafar ijarachilardan ijara pullari undirilmaganligi sabab davlatga 1,48 mlrd so‘m zarar yetkazilgan. O‘rmon xo‘jaligi mansabdorlari ayrim ijarachilar bilan til biriktirib, 2023−2025-yillarda jami 5356 metr/kub noruda materiallarni noqonuniy qazib olgan. Buning oqibatida 1,32 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan.

Aniqlangan holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 193 (Ekologiya xavfsizligiga oid normalar va talablarni buzish), 196−1 (Foydali qazilmalarni ruxsatnomasiz qazib olish), 207 (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) va 229-moddalari (O‘zboshimchalik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Yana bir holatda Pop ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaligining bo‘lim o‘rmonbegisi avval xo‘jalik balansida bo‘lib, keyin tuman hokimligi zaxirasiga qaytarilgan yerning 20 sotixini tanishlari orqali Chustda yashovchi fuqaroga turar joy sifatida rasmiylashtirib berishni vaʼda qilgan.

U buning evaziga $15 ming olgan paytida qo‘lga olingan. Ushbu puldan $500 ni olgan vaqtida Davlat kadastrlar palatasining Pop tuman filiali mutaxassisi ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Pop ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaligi direktori v.v.b. shaxs yerlarni elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berish tartibini buzgan. U mahalliy tadbirkorga xo‘jalik balansidagi 50 sotix yerni shartnoma asosida ijaraga berish evaziga $10 ming talab qiladi.

Avval bir necha bor sudlangan mazkur shaxs oldindan $5 ming olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi (Firibgarlik xizmat mavqeidan foydalangan holda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Toshkent viloyatida ikki nafar mansabdor shaxs pora bilan ushlangandi.