Transparency International xalqaro tashkiloti dunyoda korrupsiya bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha 2025-yil uchun hisobotini e’lon qildi.

O‘rtacha global korrupsiyani qabul qilish ko‘rsatkichi so‘nggi 10 yildan ortiq vaqt ichida ilk bor 42 ballgacha pasaydi. 182 ta davlat va hududning uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i — 122 tasi — 50 balldan kam natija qayd etgan.

80 balldan yuqori baho olgan mamlakatlar soni esa o‘n yil avvalgi 12 tadan bu yil atigi 5 taga tushib ketgan.

Tashkilotning ta’kidlashicha, korrupsiya xavfi hatto demokratik institutlar o‘rnatilgan mamlakatlarda ham yetakchilarning siyosiy irodasi zaiflashishi fonida kuchayishi mumkin.

O‘zbekiston 31 ball bilan 182 davlat orasida 124-o‘ringa tushibdi. Mamlakat MDHning ko‘plab mamlakatlarini, jumladan Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Rossiya, Tojikiston va Turkmanistonni ortda qoldirishni davom ettirmoqda, biroq Ukraina, Qozog‘iston, Moldova, Armaniston va Gruziyadan orqada qolmoqda.

Yil davomida O‘zbekistonning bahosi 1 punktga pasaydi — ko‘rsatkich ketma-ket ikkinchi yil yomonlashmoqda. 2023-yildan buyon O‘zbekiston ikki ball yo‘qotib, uch pog‘ona pastladi. Bungacha mamlakat korrupsiyani qabul qilish indeksidagi o‘rnini ketma-ket 11 yil davomida yaxshilab kelgan.

korrupsiya, transparency international

Daniya ketma-ket sakkizinchi yil 89 ball bilan birinchi o‘rinni egalladi. Kuchli uchlikka Finlyandiya (88) va Singapur (84) ham kirdi. Ulardan keyin Yangi Zelandiya va Norvegiya (80 balldan), Shvetsiya va Shveysariya (80 balldan) joylashdi. Eng past ko‘rsatkichlar Janubiy Sudan va Somalida (9 balldan), Venesuelada (10 ball), Yaman, Liviya va Eritreyada (13 balldan) qayd etildi.

O‘zbekiston 2024-yilda 121-o‘rinda, 2023-yilda 121-o‘rinda, 2022-yilda 126-o‘rinda, 2021-yilda 140-o‘rinda, 2020-yilda 146-o‘rinda qayd etilgan. 2019-yilda mamlakat 153-o‘rinni, 2017-yilda 157-o‘rinni, 2016-yilda esa 156-o‘rinni egalladi.


Avvalroq Shavkat Mirziyoyev korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2026-yilda “favqulodda holat” e‘lon qilinishi haqida aytgandi.

Davlat rahbariga ko‘ra, barcha idoralarda komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazoratga mas‘ul o‘rinbosar lavozimi joriy etiladi.