“Transparency International” xalqaro tashkiloti dunyoda korrupsiya bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha 2023-yil uchun hisobotini e’lon qildi.

Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari korrupsiyani sezish eng qiyin bo‘lgan mintaqalar qatorida qolmoqda. Qonun ustuvorligining yo‘qligi, avtoritarizm va tizimli korrupsiyaning kuchayishi fonida mintaqada o‘rtacha ball 35 ballni tashkil etib, 2022-yil darajasida saqlanib qoldi.

Peshqadamlar guruhiga an’anaviy tarzda Gruziya (53), Armaniston (47) va Chernogoriya (46) kirdi. O‘z navbatida, Ozarbayjon (23), Tojikiston (20) va Turkmaniston (18) eng past ko‘rsatkichni qayd etgan.

O‘zbekiston 33 ball bilan 180ta davlat orasida 121-o‘rinni egalladi hamda reytingda 5 pog‘onaga ko‘tarilib, Rossiya, Qirg‘iziston va Ozarbayjonni ortda qoldirdi.

Yil davomida mamlakat ko‘rsatkichi 2 ballga yaxshilandi. 2014-yildan buyon bu ko‘rsatkich 15 pog‘onaga ko‘tarilib, O‘zbekiston so‘nggi 10 yil ichida korrupsiyani sezish ko‘rsatkichining yaxshilanish darajasi bo‘yicha yetakchiga aylandi.

Daniya 90 ball bilan birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Finlyandiya (87) va Yangi Zelandiya (85) kuchli uchlikni yakunlab berdi.

Keyingi o‘rinlarda Norvegiya (84), Singapur (83) va Shvetsiya (82) turibdi. Eng yomon ko‘rsatkichlar Somali (11), Venesuela va Suriyada (har biri 13tadan) kuzatilgan.

O‘zbekiston 2016-yilda 156-o‘rinni, 2017-yilda 157-o‘rinni, 2019-yilda esa 153-o‘rinni egallagandi. 2020-yilga borib, mamlakat 146-o‘rinni, 2021-yilda esa 6 pog‘ona pastlab, 140-o‘rinni egalladi. Shuningdek, 2022-yilda 126-o‘rinni qayd etdi.

Avvalroq O‘zbekiston “Henley & Partners” pasport indeksida ikki pog‘ona pastlagani haqida xabar berilgandi.